Plyonka ostidagi issiqxonaning yorug'lik o'tkazishi birinchi yili 85, keyingi yillari esa 65-70 foizga tushib ketadi. Gollandiya mutaxassislarining fikricha, 1 foiz yorug'lik 1 foiz hosil degani. Demak, plyonka ostidagi issiqxonada yorug'lik kamayib borishi bois, 20-25 foiz kam hosil olinadi. Toblangan oynalida esa agar u har yili tozalab turilsa, 30 yil bir xil hosil olish mumkin.
SHu bilan birga, oynali issiqxonada namlik kam yoki uni oson boshqarish mumkin. Namlikni yo'qotishga esa yoqilgi kam sarflanadi. Namlik ko'payib ketishi natijasida, ko'chatlarda kasalliklarga chalinish moyilligi ortadi. Ko'chatlar kasalliklarga chalinganda, ularga qarshi kimyoviy dorilar ishlatilishi kerak. Oynali issiqxonada esa bunga ketadigan xarajat kamroq.
Gollandiyaning “Delflandasia BV” kompaniyasi nafaqat oynali issiqxona etkazish va o'rnatish, balki xorijning “Bilancia BV” kompaniyasi bilan gollandiyalik agronomlar ishtirokida yiliga 1 gektardan 400-500 tonnagacha pomidor yoki bodring hosil olishga yordam beradi. eng asosiysi umuman ximikat ishlatmasdan zararkunandalarga qarshi tabiiy usulda kurashiladi. Masalan, pomidorlarni changlatishda changlatuvchi arilardan foydalaniladi. Pirovardida biologik toza mahsulot, xususan zararsiz sabzavot ishlab chiqariladi. Bu albatta, bozordagi mahsulotlarga nisbatan qimmatroq, eksportda ham valyuta tushumini oshiradi.
Bo'ka tumanida umumiy maydoni 5 gektarda Gollandiya usulida meva-sabzavotlar etishtirishga ixtisoslashgan ana shunday oynali issiqxona barpo etilyapti. Loyihaning umumiy qiymati 5,6 million AQSH dollaridan iborat bo'lib, bu erda gidroponika texnologiyasi asosida mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu usul zamonaviy hisoblanib, etishtiriladigan mahsulotlar ekologik jihatdan toza hisoblanadi.
Mazkur issiqxonaning ahamiyatli jihati shundaki, oldingilaridan energiyani tejash, chiqindisiz faoliyat yuritish, 100 foiz Evropa standartiga mos ekologik toza mahsulot etishtirishga mo'ljallanganligi bilan farq qiladi. Ushbu texnologiya nafaqat ekologik, balki hosildorligi yuqoriligi bilan ham mashhur.Issiqxonaning ekin maydoni 3 gektar bo'lib, qolgan qismida kompyuterlashgan boshqaruv xonalari, rezerv generatorlar joylashadi. Barcha uskunalar Gollandiya va Germaniyadan keltirilmoqda.
Bunday issiqxona viloyatda yagona hisoblanadi. Uni barpo etishda Gollandiya davlatining texnolog va agronomlari ishtirok etishyapti. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati jami 1500 tonna. Bu erda 40 nafardan ziyod kishi doimiy ish bilan ham ta'minlanadi. e'tiborli jihati, qurilish ishlari joriy yilning mart oyida boshlangan edi. Ob'ektni avgust oyida foydalanishga topshirish ko'zda tutilgan. Mahsulotlarni AQSH, Germaniya va Pol`sha davlatlariga eksport qilish ko'zda tutilyapti.









