Oyoqlaringiz shishyaptimi? Bunga bee'tibor bo'lmang! 

    Oyoqlarda shish paydo bo'lishi ayrim insonlar uchun odatiy hol. Bunday zararsiz o'zgarish oyoqlarga biroz dam berilgach, o'z-o'zidan yo'qoladi. Biroq aksariyat hollarda u salomatligimizda jiddiy salbiy o'zgarishlar kuzatilayotganidan darak beradi.

    Xo'sh, bu muammoning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo'ladi? Uning oldini olish mumkinmi? SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga oliy toifali shifokor Xilola Jamilova javob berdi.

    — Oyoqlarda shish ko'proq tana to'qimalarida suv yig'ilganda yuzaga keladi, — deydi shifokor. — Bunga esa bir necha omillar sabab bo'lishi mumkin.

    Xususan:

    bo'g'im kasalliklari;
    shikastlanish;
    buyrak va jigar xastaliklari;
    o'tkazilgan o'tkir respirator infektsiyalar;
    yurak etishmovchiligi;
    qalqonsimon bez kasalliklari;
    gormonal dori vositalari bilan uzoq vaqt davolanish;
    homiladorlik;
    tomirlar va qon tomirlari xastaliklari (tromboflebit, tromboz, varikoz va boshqalar);
    artroz, revmatizm va yassioyoqlik.

    Masalan, yurak etishmovchiligida mazkur tana a'zosi o'z faoliyatini to'liq bajara olmasligi va qonni etarli darajada haydab bera olmasligi natijasida oyoq qon tomirlarida dimlanish sodir bo'ladi. SHuningdek, haddan ortiq alkogol` mahsulotlarini iste'mol qilish va buning oqibatida surunkali gepatit hisobiga jigar fil`trlash funktsiyasini bajarolmay qolishi oqibatida ham tanada suv yig'iladi. YAna bir misol. Ma'lumki, inson yoshi o'tgani sari tomirlarda qon aylanishi buziladi. Natijada venoz tomirlarning qonni bir tomonga yo'naltiruvchi klapan apparatidagi etishmovchilik qonning dimlanishi va shishlarga sabab bo'lishi mumkin.

    Bundan tashqari, oyoq tomirlari trombozida shish birdaniga va tez sodir bo'ladi. Bu holat juda xavfli hisoblanib, zudlik bilan davolanishni talab qiladi. Buyrak kasalliklarida esa shish to'piq va boldir qismida yuzaga keladi. SHu bilan birga, ko'z ostida shish, peshobning rangi o'zgarishi kuzatiladi. Agar oyoq shishib, nafas olish qiyinlashsa, ko'krak sohasida og'riq va og'irlik hissi paydo bo'lsa, shishgan oyoq terisi taranglashib, yorilish darajasiga etsa yoki kunlik siyish miqdori iste'mol qilinayotgan suyuqlikka nisbatan kamaysa, bunday holatlarda aslo o'zboshimchalik bilan davolanish kerak emas. Aksincha shifokor qabuliga borishni kechiktirmaslik bu salbiy holatdan imkon qadar tezroq xalos bo'lishga yordam beradi.

    Shuningdek, oyoq shishganda tuz iste'molini kamaytirish, alkogol` ichimliklar ichmaslik, ko'proq harakat qilish, malina, mosh, loviya, suli yormasi, banan, bodom va lavlagi kabi tarkibida magniy elementi mavjud mahsulotlarni tanovul qilish maqsadga muvofiq.