Oʻz badanini kesgan yigit hodisasi boʻyicha rasmiy maʼlumot berildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaro oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazganligi aks etgan video tarqaldi.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni maʼlum qildi.

    Joriy yilning 25-mart kechasi Chilonzor tumanida bir nechta fuqaro oʻzaro janjallashib jamoat tartibini buzganligi haqida xabar kelib tushgan. Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan tuman IIO FMB xodimlari 7 nafar fuqaroni (1989-y.t. K.X., 1992-y.t. F.t., 1999-y.t. S.A., 2001-y.t.t P.D., 2001-y.t. I.X., 2004-y.t. I.X., 2004-y.t. Sh.A.,) tinchlantirib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yaqin oradagi IIBga olib borayotgan vaqtida ular ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, faol qarshilik koʻrsatgan. Ushbu fuqarolarning ayrimlari nomaʼlum moddadan mastlik holatida boʻlgan.

    Holat yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    2024-yilning 26-mart kuni ushbu fuqarolarni sudga olib borish uchun chaqirtirilgan vaqtda, Chilonzor tumani IIO FMB hovlisida: muqaddam Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan ikki marotaba sudlangan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”), 183 (“Mayda bezorilik”) 56 prim 1 (“Jamoat joylarida tamaki mahsulotini isteʼmol qilish”), 185 prim 3 (“Oʻzbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada boʻlishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada boʻlishi”) moddalari bilan olti marotaba maʼmuriy javobgarlikka tortilgan 2004-y.t. Sh.A. javobgarlikdan qutulish maqsadida, namoyishkorona koʻylagini yechib ogʻzida boʻlgan piska (lezviya) boʻlagi bilan qorin va qoʻl qismini yengil kesib oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazgan.

    «IIO xodimlari tomonidan tezkorlik bilan koʻrilgan choralar natijasida fuqarodan lezviya olib qoʻyilib, ogʻir oqibatlarning oldi olingan.

    Sh.A.ga zudlik bilan birinchi yordam koʻrsatilib, tibbiyot muassasasiga olib borilgan. Unga tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilganidan soʻng Sh.A. shu kunning oʻzida uyiga ketgan. Tibbiy maʼlumotga koʻra Sh.A.ga “Qorin old devorining kesilgan jarohatlari, chap qoʻl bilak sohasi kesilgan jarohati” tashxisi qoʻyilgan», deyiladi xabarda.

    Qoʻshimcha qilinishicha, fuqaro Sh.A. oʻziga oʻzi tan jarohati yetkazganligi holati tuman prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda.