Oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish hamda unga moyil boʻlgan shaxslar bilan kompleks ishlash boʻyicha masalalar oʻrganildi

    Dolzarb 3 Aprel 2021 3792

    2021-yil 2-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha doimiy komissiya aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish hamda unga moyil boʻlgan shaxslar bilan kompleks ishlash boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Buxoro viloyatida olib borilayotgan ishlar holati muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirliklari bilan hamkorlikda muayyan ishlar olib borilyapti.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli buyruqlar va chora-tadbirlar qabul qilingan. Xususan, oʻz joniga qasd qilishga moyilligi boʻlgan shaxslarning toifalarini aniqlash tartibi, shuningdek, ularni maʼnaviy-axloqiy va psixologik yoʻnalishlarda kompleks qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish boʻyicha yoʻriqnoma, shuningdek, suitsidologiya xizmati toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma va uning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan.

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida suitsidolog lavozimi hamda oʻz joniga qasd qilgan yoki unga moyil boʻlgan, krizis holatidagi shaxslarga ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatuvchi krizis (statsionar) oʻrinlari tashkil etilgan.

    Xotin-qizlar bilan ishlashda himoya orderi mexanizmi yoʻlga qoʻyilganligi ham yuz berishi mumkin boʻlgan turli holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2020-yilda 1245 nafar, Buxoro viloyatida 862 nafar ayollarga berilgan himoya orderlari oilaviy munosabatlarning izga tushishini taʼminlagan.

    Oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish hamda unga moyil boʻlgan shaxslar bilan kompleks ishlash boʻyicha hududlardagi maktab, oʻrta kasb-hunar taʼlimi muassasalari va oliy taʼlim muassasalarida psixolog mutaxassislar tomonidan tizimli ish olib borilyapti.

    Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Buxoro viloyati barcha tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida joylashgan “Ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish xonasi” psixiatr shifokorlarning hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning yillik rejalari ishlab chiqilgan va tegishli tashkilot hamda muassasalar tomonidan tasdiqlangan.

    Majlisda bu borada yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi qayd etildi. Jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻz joniga qasd qilgan oilalar bilan ishlash boʻyicha metodik tavsiyalar ishlab chiqilmaganligi, oʻrganilgan hududlarda ishlab chiqilgan idoralararo chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha tizimli ishlar tashkil etilmaganligi, zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish hududiy markazlari faoliyati yetarli darajada tashkil etilmaganligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, kelgusida bunday holatlarning oldini olish hamda oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan shaxslar bilan kompleks ishlash boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi va Qoʻmitalarning qoʻshma qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.