Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko'chasi, 41- hamda 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmualar sotuvga qo'yilgani ma'lum bo'ldi.
Ushbu binolar (“Sharq” nashriyoti matbaa korxonasi AJ va O'zA binolari) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obektlari milliy ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida”gi 846-son qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obektlari milliy ro'yxatiga madaniy meros obekti sifatida kiritilgan.
“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish to'g'risida”gi O'RQ–821-son Qonunining 19-moddasi uchinchi xatboshiga asosan moddiy madaniy meros obektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog'lari xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari etib e'tirof etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu madaniy meros obektini autsion savdolaridan olib tashlash yuzasidan 21 sentyabr` kuni ogohlantirish berildi, deyiladi Madaniy meros agentligi xabarida.