Ozarbayjon bilan ikki tomonlama hamkorlikning yangi choʻqqilari zabt etilyapti

    Biznes 22 Avgust 2024 454

    Joriy yil 22-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston -Ozarbayjon biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Forumda Oʻzbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Ozarbayjon delegatsiyasiga Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov boshchilik qildi. Forumda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, hududlar hokimliklari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda koʻp qirrali Oʻzbekiston -Ozarbayjon hamkorligining jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Keyingi 5-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobar, joriy yil boshidan buyon esa yana 20 foizga oshdi. Yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha faol ishlar olib borilyapti.

    Iqtisodiyotning eng ustuvor tarmoqlari – energetika va shaharsozlikdan tortib mashinasozlik, toʻqimachilik va ipakchilik, qishloq xoʻjaligi kabi sohalardagi sarmoyaviy hamkorlik koʻlami kengaymoqda. Oʻzbekistonda “Pasha Holding”, “Matanat”, “Sarda Group”, “Sokar” kabi eng yirik Ozarbayjon kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelyapti. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning “Global Textile”, “Azsilk”, “Businesstex” kabi kompaniyalar Ozarbayjon hududlarida faoliyat yurityapti.

    Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan Qoʻshma investitsiya kompaniyasi ishga tushirildi. Yengil va oziq-ovqat sanoati, yashil energetika, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda aniq loyihalar portfeli shakllantirildi.

    Shu bilan birga, import oʻrnini bosish va hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, tovarlarni elektron platformalarda joylashtirish, savdo uylari, koʻrgazma zallari va milliy pavilyonlar ochish, qurilish materiallari yetkazib berish hajmini oshirish, talabga ega boʻlgan mahsulotlarni samarali ragʻbatlantirish uchun oʻzaro asosda tarmoq birlashmalari vakillari uchun lavozimlar tashkil etish kabi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlar qayd etildi.

    Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, jumladan, toʻqimachilik va ipak ishlab chiqarish, qurilish materiallari, oziq-ovqat va togʻ-kon sanoati, shaharsozlik, infratuzilma va zamonaviy turar-joy, savdo tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha yangi yirik loyihalarni amalga oshirish orqali katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, togʻ-kon sanoati, energetika va neft-gaz sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, “yashil” energiya ishlab chiqarish va eksport qilish, qishloq xoʻjaligida hamkorlikni kengaytirish istiqbolli yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

    Oʻz navbatida, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov Oʻzbekistonda yaratilgan sarmoyaviy muhit va tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish imkoniyatlarini yuksak baholab, uzoq muddatli hamkorlikka ishonch bilan tayangan holda Ozarbayjon biznesini ikkilanmasdan Oʻzbekistonga sarmoya kiritishga taklif qildi.

    Tadbir doirasida B2B va G2B shaklidagi muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik va ozarbayjonlik tadbirkorlar kelgusida qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini muhokama etishga muvaffaq boʻldi.

    Forum yakunlari boʻyicha infratuzilmani rivojlantirish va shahar qurilish i, yangi logistika markazlari, taʼlim obyektlari, hamkor mamlakatlarda sanoat birlashmalarining vakolatxonalarini qurish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar almashish marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, qoʻshma “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.