Ozarbayjon bilan koʻp qirrali hamkorlik kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 26 Dekabr 2022 1071

    Joriy yil 24-dekabrda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli kun tartibi koʻrib chiqildi.

    Oʻzaro savdoning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. 2021-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil boshidan esa yana 52 foizga oshdi. Kelgusi davrda tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish uchun imkoniyat va resurslar mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar talabga ega mahsulotlar nomenklaturasini shakllantirish va yetkazib berishni koʻpaytirish, ikkala mamlakatlarga savdo va ishbilarmonlik missiyalarini tashkil etish, yirik shaharlarda milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazish, savdo tarmoqlarida meva va sabzavot mahsulotlarini, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib oldilar.

    Sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklik sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston-Ozarbayjon Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha qoʻshma ishlarni jadallashtirish, shuningdek, umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq boʻlgan 5 ta yirik loyihaning moliyaviy-texnikaviy jihatlarini ishlab chiqishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi. Mazkur yoʻnalishlarda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi.

    Yigʻilish ishtirokchilari qoʻshma korxonalarni, jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdi.

    Kun tartibida transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi ham muhim oʻrin tutdi. Ikki mamlakat hududlari orqali yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojdagi tovarlarni tashish hajmini bir necha barobar oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish maqsadida Xalqaro avtomobil transporti boʻyicha Aralash komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazishning tashkiliy jihatlari kelishib olindi. Shu nuqtayi nazardan, transport infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari ham qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Ozarbayjon-Oʻzbekiston Investitsiya jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur jamgʻarma, taʼkidlanganidek, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.