Ozarbayjon bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik koʻlami yanada kengayadi

    Xalqaro hamkorlik 15 Noyabr 2023 1211

    Joriy yil 14-noyabrda Boku shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi masalalari muhokama etildi.

    Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifalari koʻrib chiqildi. 2022-yil yakuniga koʻra Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilga nisbatan 53 foizga, 2023-yilning yanvar-sentyabr oylarida esa 36,4 foizga oʻsgan. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻshma ishlarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi faoliyatining amaliy masalalari muhokama etildi. Jamgʻarma hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari sonini koʻpaytirish va rahbariyatni muddatidan oldin tayinlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Ikki davlat hududida suv tozalash inshootlari, turizm obyektlarini qurish, metall buyumlar va maishiy texnika, tibbiy asbob-uskunalar va buyumlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, toʻqimachilik klasterini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarning hayotga tatbiq etilishi batafsil koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada kengaytirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi hamda muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirish boʻyicha aniq rejalar va masʼul rahbarlar belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.