Suhbatda 2023-yil yakuniga koʻra oʻzaro tovar ayirboshlash 26,5 foizga oʻsganligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliyalashtirish va sugʻurtalash, koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar, energetika, xizmat koʻrsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida 230 ta korxona faoliyat yuritib kelyapti. Oʻzaro manfaatli yirik sarmoyaviy loyihalar birgalikda amalga oshirilyapti.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil avgust oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida shahar infratuzilmasini, ishlab chiqarish, kimyo sanoati va axborot texnologiyalarini rivojlantirish kabi sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
Ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi haqida yakdil fikrlar bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, ishbilarmon doiralarni qoʻllab-quvvatlash, ustuvor tarmoqlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha zarur choralarni koʻrishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.