Ozarbayjon jurnalistlari va blogerlari Oʻzbekiston boʻylab mediakontentlar tayyorlaydi

    Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning Boku shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonning yorqin ranglari” loyihasi ishlab chiqildi va ushbu loyiha doirasida Ozarbayjon Sayyohlik blogerlari uyushmasiga aʼzo boʻlgan 4 nafar bloger va jurnalist ishtirokida mamlakatimizga press-tur tashkil etilyapti.

    Loyihadan koʻzlangan maqsad mamlakatning madaniy jozibadorligi va turizm salohiyati bilan Ozarbayjon fuqarolarini yaqindan tanishtirish va bu orqali Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini oshirish hamda respublikamizning madaniyat va turizm sohasidagi imkoniyatlarini xorijiy OAVda keng targʻib etishga qaratilgan.

    Maʼlumot uchun, Ozarbayjon Sayyohlik blogerlari uyushmasi 2020-yil oʻz faoliyatini boshlagan. Uyushmaga bugungi kunda mamlakatdagi turizm sohasida faoliyat yurituvchi katta auditoriyaga ega boʻlgan taniqli blogerlar, jurnalistlar va yirik media-kompaniyalar aʼzo hisoblanadi.

    Loyiha doirasida press-tur ishtirokchilarining mamlakatimiz boʻylab Toshkent, Samarqand, Qoʻqon, Margʻilon, Fargʻona, Urganch, Xiva, Buxoro kabi shaharlarga, Gʻijduvon va Rishton kabi tarixiy maskanlarga sayohati tashkil etiladi.

    Turizm sohasida soʻngi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar va madaniy meros obyektlari haqida turkum fotojamlamalar, videoroliklar, maqola va reportajlar hamda davomiyligi 130 daqiqagacha boʻlgan hujjatli film tayyorlash koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, tayyorlanadigan materiallar yil davomida Ozarbayjonning nufuzli OAVda, jumladan, “RealTV” va “AzTV” telekanallarida hamda Boku shahri kinoteatrlarida namoyish etiladi.