Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarini rivojlantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni jalb etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yagona energetika tarmog‘iga integratsiya qilishdan iborat.
Ushbu loyihaning bir qismi sifatida respublika bo‘ylab 110 – 500 kVli 22 ta podstansiyada modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Jumladan, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarida joylashgan 110 kV kuchlanishli «2 A», «Xazorasp» va «Chinoz» podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish bo‘yicha xalqaro tender savdolari o‘tkazildi. Tender natijalariga ko‘ra, Ozarbayjonning «AZENCO» OAJ kompaniyasi g‘olib deb topildi va 2024-yil 19-iyulda g‘olib kompaniya bilan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu uchta podstansiyaning to‘liq modernizatsiya va rekonstruksiya qilinishi natijasida qariyb 100 MVA (megavolt amper) qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi aholi va sanoat iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta'minlash ishonchliligini bir necha barobar oshiradi.