Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovlari uchun Qorabog'da saylov komissiyalarini tuzdi

    Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari munosabati bilan Qorabog'da uchastka saylov komissiyalarini tuzdi.

    Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazohir Panaxov jurnalistlarga ma'lum qildi.

    “Navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari munosabati bilan ozod qilingan hududlarda uchastka saylov komissiyalari tuzildi. Ushbu saylov uchastkalari zarur jihozlar bilan ta'minlangan. U yerda ishlar deyarli yakuniga yetdi. U yerda amalga oshirilgan ishlar respublikaning boshqa viloyatlaridagi saylov uchastkalari uchun namuna bo'la oladi”, dedi u.

    Dekabr oyi boshida Ozarbayjonning amaldagi rahbari Ilhom Aliyev 2024-yil 7-fevralda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o'tkazilishini e'lon qilgan edi. Ozarbayjon prezidenti yetti yil muddatga saylanadi. Mamlakatda oxirgi marta prezidentlik saylovlari 2018-yil bahorida o'tkazilgan bo'lsa, keyingi saylovlar 2025-yilga belgilangan edi.

    Ozarbayjon konstitutsiyasida prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun hech qanday cheklovlar yo'q, shuning uchun 20 yil davomida mamlakatni boshqarib kelgan Ilhom Aliyev yana respublika rahbari lavozimiga nomzodini qo'yishi mumkin. 2023-yilda Ilhom Aliyev prezidentligida Ozarbayjon Qorabog'ni qaytarib olib, hududiy yaxlitligini tikladi, deb xabar beradi ria.ru.