Ozarbayjon Oʻzbekiston energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi

    Energetika 30 Avgust 2022 1234

    Joriy yil, 29-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Energetika vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi oʻrtasida energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

    Mazkur “Yoʻl xaritasi” Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vaziri Parviz Shahboz tomonidan imzolandi.

    Unga asosan, 2022-2023-yillar davomida tomonlar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda tegishli tanlovlarda ishtirok etishga taklif qilish, xususiy investitsiyalar hisobidan yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish sohasida bilim va ilgʻor tajriba almashish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish, energiya (elektr energiyasi va tabiiy gaz) bozorlarini liberallashtirish va yaratish, xususiylashtirishda tomonlarning ishtirokini taʼminlash va xususiy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari boʻyicha tajriba va axborot almashishni amalga oshirishni nazarda tutiladi.

    Shuningdek, energiya resurslaridan samarali foydalanish sohasida hamkorlikni tashkil etish, investitsiyalarga xususiy sektorni jalb etish, kadrlar tayyorlash, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “SOSAR” kompaniyasi kimyo va neft-gaz mahsulotlarini eksport/import qilish boʻyicha qoʻshma tadbirlarni tashkil etish, “SOSAR” bilan Ozarbayjon hududida geologik qidiruv va uglevodorodlarni qazib olish loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ishlab chiqish, “Oʻzbekneftgaz” korxonalari xodimlarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va tajriba almashish, DXSH tamoyillari asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tajriba almashish kabilarni oʻz ichiga oladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 5-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Ozarbayjon Respublikasining “SOSAR” kompaniyasi delegatsiyasi aʼzolari bilan muzokaralar boʻlib oʻtgan edi.