Ozarbayjon prezidenti “Oʻzbekneftgaz” AJ stendi bilan tanishdi

    Energetika 1 Iyun 2023 1201

    Joriy yil 31-may, 3-iyun kunlari Ozarbayjonda Boku energiya haftaligi doirasida “Kaspiy neft va gazi – Caspian Oil&Gas” 28-xalqaro koʻrgazmasi, “Energetika va yashil energiya – Caspian Power” 11-xalqaro koʻrgazmasi hamda Baku energetika forumi oʻtkazilyapti.

    Ushbu Kaspiyboʻyi mintaqasining energetika sohasidagi yirik tadbirda “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ham ishtirok etyapti.

    Boku energiya forumi doirasida oʻtkazilayotgan “Kaspiy neft va gazi” koʻrgazma va anjuman soha yetakchi mutaxassislarining uchrashuv platformasi boʻlib, unda neft, gaz va energetika sohasida davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha memorandumlar, bitimlar va shartnomalar imzolanadi. Tadbir ishtirokchilari roʻyxatidan jahonning neft va energetika sohasidagi yetakchi kompaniyalari joy olgan.

    Tadbirning ochilish marosimida ishtirok etgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu xalqaro koʻrgazma-konferensiya qariyb 30 yildan buyon Ozarbayjonga oʻz salohiyatini sarmoyadorlarga namoyish etishda yordam berib kelayotganligini eʼtirof edi.

    Koʻrgazmaning birinchi kunida Ozarbayjon rahbari ekspozitsiyalar, jumladan Oʻzbekistonning neft-gaz sohasiga bagʻishlangan “Oʻzbekneftgaz” AJ stendi bilan ham tanishdi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev bilan boʻlgan uchrashuvda “SOCAR” davlat neft kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar ikki davlat munosabatlarini barqaror rivojlantirishga asos boʻlayotganligini taʼkidladi.

    Koʻrgazma doirasida oʻtkaziladigan anjumanda neft va gaz konlarini oʻzlashtirish, quduqlarni qurish va ulardan foydalanish, burgʻilash, uskunalarni loyihalash, ishlab chiqarish va texnik xizmat koʻrsatish, quvurlarni oʻrnatish va xavfsizlik tizimlarini taʼminlash, mahsulotlarni qayta ishlash, uglevodorodlarni tashish kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi va muhokamalar oʻtkazildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.