Ozarbayjon Respublikasi mudofaa vaziri Oʻzbekistonga tashrif buyurdi

    Harbiy 19 Oktabr 2023 1330

    Ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Ozarbayjon Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Zokir Gasanov boshchiligidagi harbiy delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

    Rasmiy tashrifning asosiy kunida dastlab mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamrohligida Buxorodagi Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasini ziyorat qildi.

    Shundan soʻng, delegatsiya vakillari tashrifning asosiy qismi boʻlib oʻtadigan “Buxoro” poligoniga yoʻl oldi. Poligonda ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama etishga qaratilgan rasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik har ikki davlat armiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy taʼlim va boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa bir qator masalalar muhokama etildi.

    Uchrashuv davomida ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham fikr almashdilar. Hamkorlikni davom ettirish borasida istiqbolli takliflar bildirildi. Uchrashuv soʻngida esa tomonlar oʻrtasida 2024-yilga moʻljallangan harbiy hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

    Ozarbayjon harbiy delegatsiyasining yurtimizga rasmiy tashrifi davom etadi.