Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi

    Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev​ Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurdi.

    Oliy martabali mehmon “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi.

    Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Ozarbayjon Respublikasi delegatsiyasi vakillariga mazkur ansambl mazmuni va meʼmoriy yechimlari haqida maʼlumot berildi.

    “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumenti istiqlolimizning oʻttiz yilligiga bagʻishlab bunyod etilgan.

    Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga eʼtibor qaratgan kishi mana shu zalvorli oʻtmishning badiiy ifodasiga guvoh boʻladi.

    Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qoʻyish anʼanaga aylangan.

    Delegatsiya aʼzolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida eʼtibor qaratdi.