Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga doir

    Hukumat 20 Iyun 2022 5175

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yil 21-22-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi.

    Sammit kun tartibidan Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

    Ikki mamlakat yetakchilari oʻzaro savdo hajmini oshirish, tadbirkorlar va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratadilar.

    Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni rivojlantirish va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladilar.

    Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat, transport, qishloq xoʻjaligi, energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm va boshqa yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplamini imzolash koʻzda tutilgan.

    Taʼkidlash joizki, tashrif arafasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlari oʻtmoqda.

    Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo koʻrsatkichlari va qoʻshma korxonalar soni sezilarli darajada koʻpaydi. 2021-yilda tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil yanvar-may oylarida 49 foizga oʻsdi.

    Oʻtgan yili Ozarbayjon hududida yurtimiz avtomobillarini yigʻish boʻyicha ishlab chiqarish maydonchasi ishga tushirildi. Ipakchilik, agrar majmua, qurilish materiallari sanoati, neft-gaz, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.

    Mamlakatlarimizda ikki tomonlama madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar, taqdimotlar va ijodiy uchrashuvlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.