Ozarbayjonlik jarroh Namangan davlat universitetida mahorat darslarini oʻtdi

    Salomatlik 29 Dekabr 2021 1150

    Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, oʻt pufagi yoʻllari va oshqozon osti bezi jarrohligi boʻlimining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimov Namangan davlat universitetiga tashrif buyurdi.

    Gurbanxan Muslimov buqoq kasalligini davolash boʻyicha oʻtkazgan jarrohlik amaliyoti aks etgan video taqdimotni talabalar eʼtiboriga havola etildi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishidagi yangiliklar xususida ham batafsil maʼlumot berildi, hamda universitetning professor-oʻqituvchilari bilan master-klasslar tashkil etdi.

    Mashgʻulotlar davomida olim, yirik mutaxassis talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

    Gurbanxan Muslimov ogʻir kechgan oʻz bolaligi, talabalik yillari, bugungi darajaga yetish uchun bosib oʻtgan yoʻllari haqida samimiy suhbat jarayonida gapirib berar ekan, namanganlik talaba-yoshlarga bunday imkoniyat, gʻamxoʻrlik va eʼtibordan unumli foydalanib qolishlarini, insonni faqat kuchli bilim, izlanish va tajriba toʻplashgina yuqori choʻqqiga olib chiqishini alohida taʼkidladi.

    Xorijlik mehmon universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi va kelgusida tibbiyot fakulteti talabalarining eng bilimlilari tahsil davrining 3- va 4-bosqichlarida Ozarbayjon va Germaniyaning rivojlangan oliygohlari hamda tibbiyot klinikalarida oʻquv amaliyotlarini oʻtashi mumkinligini maʼlum qildi.

    Bunday ilmiy-tadqiqot sohasidagi muhim hamkorlik uchun, shuningdek, universitetda kelgusida yuqori salohiyatli tibbiyot kadrlari tayyorlanishida oʻz tajribasi bilan amaliy yordam koʻrsatishi inobatga olinib, Namangan davlat universiteti Kengashining qaroriga koʻra, tibbiyot fanlari doktori Muslimov Gurbanxan Fatali oʻgʻliga “Namangan davlat universitetining faxriy professori” unvoni berildi.

    Maʼlumot berib oʻtish oʻrinliki, tibbiyot fanlari doktori, professor Muslimov Gurbanxan Fatali oʻgʻli 2005-2009-yillarda Germaniyaning Mangeym universiteti Jarrohlik klinikasida faoliyat yuritgan. U Aziz Aliyev nomidagi Ozarbayjon vrachlarni malakasini oshirish davlat institutining Umumiy jarrohlik kafedrasi professori, shuningdek, Davos gastroentrologiya va laporoskopiya jarrohligi uyushmasi aʼzosi, Nemis va Ozarbayjon tibbiy hamkorligi uyushmasi asoschisi va raisi, Germaniya jarrohlar uyushmasi hamda Germaniyaning Umumiy va vitseral jarrohlar uyushmasi aʼzosi hisoblanadi.

    Ozarbayjonlik taniqli olimning Namangan davlat universitetiga tashrifi “ANAMED” tibbiy diagonostika markazi rahbari Nosirbek Abdullaxonov tashabbusi bilan amalga oshirildi.

    Sanjarbek Hamidov.