Ozarbayjonlik taniqli jarroh Namanganda mahorat darslari o‘tkazdi

    O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida ozarbayjonlik taniqli jarroh, tibbiyot fanlari doktori Rashad Sholanning Namangan viloyatiga amaliy safari tashkil etildi.

    Taniqli ozar shifokorini Namanganga taklif etishdan maqsad yurtimiz tibbiyot sohasidagi kadrlar salohiyatini kuchaytirishda Ozarbayjonning ilg‘or tajriba va imkoniyatlaridan foydalanishdan iborat bo‘ldi.

    Safar davomida Rashad Sholan Namangan davlat universiteti tibbiyot fakulteti talabalari bilan muloqot qildi. Universitet rahbariyati tomonidan shifokorga «Namangan davlat universiteti faxriy professori» unvoni berildi.

    Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filialida Rashad Sholan ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.

    Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha bir guruh o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining Ozarbayjonda malakasini oshirish hamda Rashad Sholanning O‘zbekistonga navbatdagi amaliy safari davomida Namangan viloyatida murakkab operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi