Ozarbayjonning Ganja shahrida Oʻzbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

    Ozarbayjonning qadimiy shaharlaridan biri — Ganjada Oʻzbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi Ganja shahar ijro hokimiyati boshligʻi Niyazi Bayramov, Ganja shahridagi Turkiya va Gruziya Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, ilm-fan namoyandalari, faol vatandoshlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

    Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu voqea qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamda sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini taʼkidladilar.

    Shuningdek, Ganjada Oʻzbekiston faxriy konsulxonasining ochilishi ikki qardosh mamlakat solnomalarida tarixiy voqea sifatida qayd etilishi aytib oʻtildi.

    Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kyanan Jalilov tayinlandi.

    Faxriy konsulxonasi oʻz okrugi doirasida mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga investitsiya va sayyohlarni jalb etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.

    Rasmiy ochilish marosimidan soʻng elchixona xodimlari tomonidan ushbu shaharda istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.