2022-yil 24-may kuni Jidda shahrida boʻlib oʻtgan “Islom Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishda Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning roli” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro seminar doirasida Islom Hamkorlik Tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur Memorandum IHT IHMDK komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatillo Tillabayev tomonidan imzolandi.

Tomonlar oʻrtasida mazkur Memorandum doirasida umumiy manfaatlardan kelib chiqqan holda, oʻzaro hamkorlikka olib kelishi mumkin boʻlgan masalalarni muhokama qilish uchun muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazish hamda, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi qoʻshma tadbirlar, dasturlar va loyihalarni muntazam ravishda tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, IHT IHMDK komissiyasi raisi Xadji Ali Achikgyul ushbu Memorandumni inson huquqlarini himoya qilish sohasida uzoq yillar hizmat qilishini, hamda birgalikda faoliyat yuritish uchun eng yaxshi mexanizm vazifasini bajarishini hamda IHTga aʼzo davlatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlariga oʻrnak boʻlishini komissiya aʼzolariga va IHTga aʼzo davlatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari vakillariga qarata taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir doirasida Islom Hamkorlik Tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi va Saudiya Arabistoni Qirolligining Inson huquqlari boʻyicha Komissiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandumini imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi