Milliy matbuot markazida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Xalqaro aloqalarning yangi bosqichi: oʻzaro hamkorlikdan amaliy natijalar sari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjuman Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Markazning xalqaro aloqalar sohasidagi faoliyati va kelgusidagi rejalari haqida Markaz direktori Sh.Minovarov batafsil maʼlumot berdi. Jumladan, xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish va xorijiy turdosh tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish Markaz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanligi taʼkidlandi.

Jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi haqida batafsil maʼlumot yetkazish, maqsad va vazifalari, tuzilmasi va mazmun-mohiyatini targʻib qilish maqsadida Markaz tomonidan muntazam taqdimotlar, muloqotlar hamda konferensiyalar oʻtkazib kelinmoqda.

Hamkor vazirlik va muassasalar vakillarining xorijiy safarlari davomida tanishtirish va taqdim etishlari uchun Markaz haqidagi buklet, video va elektron taqdimot materiallari muntazam tayyorlanib, xorijda keng yoritilayotganligi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, kelgusida ushbu yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ham soʻz yuritildi, OAV vakillarining savollariga javob qaytarildi.

Aziza SHAROFIDDINOVA,

Toshkent shahar Shayxontoxur tumanidagi 40-maktab oʻquvchisi