Xususan, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator Farmon va Qarorlar, Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzarxiv» agentligi hamda Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi hamkorligida “Korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyotining kushandasi – unga qarshi birgalikda kurashaylik” mavzusida oʻtkazilgan vebinarda bu borada tizimda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturining ijrosi yuzasidan «Oʻzarxiv» agentligi tizimida ham qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, xalqaro ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi harakat boshqaruvi tizimi” Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida muvaffaqiyatli joriy etilgan va muvofiqlik sertifikat olingan. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi doimiy kurashish va uning oldini olish maqsadida arxiv ichki faoliyati boʻyicha hujjatlar joriy qilish, xodimlar xatti-harakatlarini doimiy ravishda monitoring qilib borish hamda zarur hollarda hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Vebinarda qabul qilingan hujjatlar va dasturlarda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash, eng asosiysi korrupsiyaga qarshi jamoaviy kurashishni targʻib qilish maqsadida «Oʻzarxiv» agentligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalari hamda viloyat, shahar, tuman davlat arxivlari rahbar-xodimlari ishtirokida xalqaro ISO 37001 “Korrupsiyaga qarshi harakat boshqaruv tizimi – qoʻllash uchun talab va takliflar” standartida keltirilgan talablar va takliflarni chuqur oʻrganish va targʻibot qilish, kelgusida ushbu standartni ish faoliyatiga joriy etish borasida zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, “CERT ACADEMY GROUP” xalqaro oʻquv muassasasi ekspertlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir maʼruzalari tinglandi. Jumladan, arxivlar faoliyatida ichki jarayon hujjatlarini ishlab chiqish, korrupsiya risklari boʻlishi mumkin boʻlgan faoliyat yoʻnalishlarini aniqlash, ularga qarshi harakat mexanizmlari ishlab chiqish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.