"O‘zatom" agentligi rahbari XAEA bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashdi

    Sanoat 18 Sentabr 2024 402

    XAEA bilan birgalikda yadro texnologiyalari, jumladan, kichik modulli reaktorlarga bagʻishlangan qoʻshma tadbirlar oʻtkazish rejalari koʻrib chiqildi.

    Joriy yilning 17 sentyabr kuni Vena shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev va Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Agentlik axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishning muhim jihatlari, jumladan, “O‘zatom” agentligini qayta tashkil etish va kam quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish loyihasi xususida so‘z yuritdi.

    Ta’kidlanganidek, ushbu loyiha bo‘yicha dastlabki ishlar “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda va XAEA tavsiyalariga to‘liq amal qilgan holda boshlandi. Loyihaning xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlash uch tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali tasdiqlandi.

    XAEA bilan birgalikda yadro texnologiyalari, jumladan, kichik modulli reaktorlarga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi. Bu texnologiyalarning xalqaro ahamiyatini namoyish etishi bilan bir qatorda boshqa davlatlar qiziqishini ham uyg‘otadi.

    Uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida XAEA bosh direktorining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifiga faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

    XAEA va O‘zbekiston Respublikasi xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarga qat’iy amal qilgan holda atom energetikasini rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.