“Oʻzavtosanoat” AJda nemis mutaxassislarini faol jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi

    Transport 14 Iyul 2021 482

    “Oʻzavtosanoat” AJda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Markaziy Osiyodagi huquqiy dasturi vakolatxonasi rahbari Yorg Pudelka bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruv raisining oʻrinbosari Sardor Tajiyev Yorg Pudelka bilan GIZ doirasida xalqaro avtomobilsozlik kompaniyalarida amaliy tajribaga ega boʻlgan xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish yuzasidan hamkorlik qilish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

    Kompaniyaning barqaror iqtisodiy va samarali boshqaruvni rivojlantirishga qaratilgan ekspert xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha egallagan katta tajribasi, soha mutaxassislariga oʻz malakalarini oshirish va dunyoning yetakchi iqtisodiy soha vakillaridan xalqaro tajriba olishlari uchun keng imkoniyat yaratadi.

    Maʼlumot oʻrnida: Germaniya Xalqaro Hamkorlik jamiyati (GIZ) Oʻzbekistonda iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligi (BMZ), shuningdek, tashqi va ichki ishlar vazirligi kabi boshqa federal idoralar buyurtmasi boʻyicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

    Mamlakatimizda GIZ byurosi Toshkent shahrida joylashgan boʻlib, 1992-yildan boshlab faoliyat yuritadi. Filiallari Andijon, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida mavjud boʻlib, oʻz loyihalarini maqsadli ravishda amalga oshiradi.

    Xalqaro hamkorlik doirasida GIZ iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, taʼlim, tabiiy resurslarni muhofaza qilish, shuningdek, ijtimoiy va madaniy integratsiyalarni rivojlantirish sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Barcha chora-tadbirlar sheriklikning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini hisobga olgan holda, barqaror rivojlanish orqali amalga oshiriladi.

    Iqtisodiy rivojlanish dasturi doirasida, turizm sohasini rivojlantirish ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu oʻrinda, GIZ menejerlar malakasini oshirish yuzasidan professional taʼlim dastur islohotlarini qoʻllab-quvvatlaydi, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.