“O'zavtosanoat” Rossiyaning yirik banki bilan hamkorlik shartnomasi imzoladi

    Bitim bo'sh pul mablag'larini joylashtirish bo'yicha hamkorlikni birgalikda rivojlantirishni nazarda tutadi.

    Toshkent shahrida 5-7-aprel kunlari bo'lib o'tayotgan “INNOPROM” xalqaro sanoat ko'rgazmasi doirasida “O'zavtosanoat” aktsiyadorlik jamiyati va Rossiya Federatsiyasining “Sovkombank” ICHAJ o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

    Shartnomani imzolash marosimida “O'zavtosanoat” AJ Boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov va “Sovkombank" ICHAJ Boshqaruv raisi Dmitriy Gusev ishtirok etdilar.

    Kelishuv predmeti UzAuto korxonalariga bank xizmatlarining to'liq spektrini taqdim etish, shu jumladan, kredit berish, vaqtincha bo'sh mablag'larni joylashtirish, hujjatli vositalarni taqdim etish va qimmatli qog'ozlarni joylashtirishni tashkil etish sohasida kompaniyalar o'rtasida uzoq muddatli hamkorlikni ta'minlashdan iborat.

    Tomonlar shuningdek, aylanma kapitalni moliyalashtirish, “O'zavtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalarni texnik qayta jihozlash va kompaniyaning investitsiya loyihalari sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik va biznez hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, bitim bo'sh pul mablag'larini joylashtirish bo'yicha hamkorlikni birgalikda rivojlantirishni nazarda tutadi.

    — Bankimiz sal avvaldan “O'zavtosanoat” AJ xolding kompaniyasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilish tajribasiga ega, — deb ta'kidladi “Sovkombank” boshqaruv raisi Dmitriy Gusev. — 2019-yilda bank xolding kompaniyasining tuzilmaviy korxonasi “UzAuto Motors” AJga sindikatlashtirilgan kredit berishda ishtirok etgan. Biz yangi shartnomaga o'zaro munosabatlarni rivojlantirish va o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish sifatida qaraymiz.

    Ma'lumot uchun, “Sovkombank” ICHAJ korporativ va xususiy mijozlarga, moliya institutlari va institutsional investorlarga keng ko'lamli bank, moliya va investitsiya mahsulotlari hamda xizmatlarini taqdim etuvchi Rossiya Federatsiyasining eng yirik xususiy moliya institularidan biri hisoblanadi. Bank ichki moliya bozorida kuchli mavqega ega bo'lib, korporativ moliyalashtirish, jamoat qarz vositalarini chiqarish va aktivlarni boshqarishni tashkil etishda yetakchilardan biri hisoblanadi.