“Oʻzavtosanoat” va Qirgʻiz Respublikasi bilan hamkorlikni mustahkamlaydi

    Biznes 8 Aprel 2021 1381

    “Oʻzavtosanoat” AJ va Qirgʻiz Respublikasi Energetika va sanoat vazirligi Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladilar.

    Memorandum doirasida tomonlar Qirgʻizistonda yengil avtomobillar va tijorat texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib olindi.

    Memorandum Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “INNOPROM” xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida imzolandi va marosimda “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov va Qirgʻiz Respublikasi Energetika va sanoat vaziri Kubanыchbek Turdubayev ishtirok etdilar.

    Qirgʻiziston tomoni Oʻzbekiston avtomobil sanoatini yuksak baholadi va tomonlar Qirgʻiz Respublikasida transport vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini oʻrganishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Shu maqsadda hamkorlikning texnik, moliyaviy va boshqa jihatlarini oʻrganish uchun qoʻshma ishchi guruhini tuzish rejalashtirildi, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.

    Ushbu yoʻnalishni amalga oshirish Qirgʻiziston tomonga yangi ishchi oʻrinlarini yaratish, YAIMda sanoat ulushini oshirish, eksport bozoriga chiqish va aholini xalqaro sifatdagi avtomobillar bilan taʼminlashga imkonini beradi.

    Tomonlar davlatlararo savdo aloqalarini, shu jumladan, avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish va kengaytirishda umumiy manfaatlar va maqsadlarga ega. Bugungi kunda “Oʻzavtosanoat” AJ Qirgʻizistonga avtomobil va tijorat texnikalarini eksport qilmoqda.