Yaqinda filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Shahnoza Ashurovaning “Inglizzabon gʻarb adabiyoti va oʻzbek adabiyotida animalistika janri xususiyatlari” nomli monografiyasi Angliya va Moldoviyada chop etildi. Mazkur monografiya taniqli adib va rassom Ernest Seton-Tompson hamda oʻzbek yozuvchisi Normurod Norqobilov asarlari asosida yaratilgan.

Adabiyotdagi ramziy-majoziy animalistik tasvir va uning shakliy xillarini tahlil etish hamda ularning badiiy asarlardagi obrazlar va timsollar tizimini yaratishdagi ahamiyatini aniqlash muhim soha hisoblanadi. Mazkur monografiyaning maqsadi inglizzabon gʻarb adabiyoti va oʻzbek adabiyotidagi animalistika janri mohiyatini ochib berishdan iborat.

Animalistik adabiyotda qoʻllangan ramz va timsollarning badiiy mohiyatini ilgʻor adabiy usullarni tatbiq etgan holda ochib berish, shuningdek, uning oʻziga xos xususiyatlari va majoziy tasvirlarning adabiy qimmatini tadqiq etish ushbu monografiyaning milliy adabiyotshunoslik oldida turgan asosiy vazifasi sanaladi.

Shu bilan birga, tanlangan mavzu orqali insonlar tabiatni asrash, inson va jonivorlarning tinch-totuv yashashi bilan bir qatorda, tabiat buzilishiga, hayvonot olami, ayniqsa, kamyob jonivorlarning yoʻqolib ketishiga chek qoʻyish gʻoyasi ilgari surilgan.

Monografiya chet ellik talabalar, magistrantlar, tadqiqotchi filologlar hamda mazkur sohaga qiziqqan mutaxassislar uchun moʻljallangan.

Kitobning chop etilishi, oʻz navbatida, oʻzbek tilining jahon boʻylab yana-da keng tarqalishiga qoʻshilgan muhim hissadir. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Normurod Norqobilovni ushbu muvaffaqiyat bilan qutlaymiz. Ijodiy ishlariga bardavomlik tilaymiz.