Oʻzbek-afgʻon hamkorligiga oid masalalar muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 5 Iyul 2022 1413

    Joriy yil 4-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi oʻzbek-afgʻon hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yuqoridagi yoʻnalishlarning har biri boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga oid navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.

    Ikki tomonlama savdo aylanmasini koʻpaytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishildi. Shuningdek, oʻzaro manfaatli sheriklik salohiyatini oʻrganish maqsadida oʻzbek va afgʻon ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish boʻyicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etildi.

    Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish chora — tadbirlarini koʻrib chiqdilar. Joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmida temir yoʻl yoʻnalishi boʻylab dala tadqiqotlarini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston tomoni afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish va Afgʻoniston bilan ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzbek-afgʻon munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama etish va hal etish boʻyicha doimiy aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.