2020-yilning 1-dekabr kuni Iordaniyaning Ummon shahrida Islom dunyosi fanlar akademiyasining Bosh assambleyasining 22-yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda yangi aʼzolar, shu qatorda oʻzbekistonlik olim Bobomurod Ahmedov ham saylandi.

Asli Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, Qarnab qishlogʻidan boʻlgan B.Ahmedov bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U asosan umumiy nisbiylik nazariyasi, gravitatsiya nazariyasi, relyativistik astrofizika va kompakt gravitatsion obyektlar fizikasi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi. U maydon nazariyasi, gravitatsion oʻzaro taʼsir nazariyasi, relyativistik va yadro astrofizikasi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va pedagogik tajribaga ega. U shu sohalarda 200 dan ortiq ilmiy nashrlarning muallifi hamda xalqaro Scopus va Google maʼlumotlar bazasida Xirsh indeksi mos holda 27 va 32 ga teng boʻlgan mamlakatda ilmiy ishlariga eng koʻp havola qilingan mualliflardan biridir.

2018-yilda “Yil olimi - 2018” tanlovi gʻolibi boʻlgan Bobomurod Ahmedov bugungi kunda Dehli markaziy universitetining faxriy professori, Xalqaro nazariy fizika markazi (Italiya)ning relyativistik astrofizika va gravitatsiya fan yoʻnalishlari aʼzosi va mintaqaviy koordinatori, Hindistondagi Astronomiya va Astrofizika universitetlararo markazi va Tata fundamental tadqiqotlar instituti aʼzosi. Shu bilan birga CNR, DAAD, TWAS, ICTP, Volkswagen, Erasmus+, KFUPM, PIFI, NATO kabi xalqaro grantlar rahbari, “Arabian Journal of Mathematics” ilmiy jurnali muharriri, “Oʻzbekiston fizikasi” jurnali bosh muharriridir.

B.Ahmedov Oʻzbekistonda relyativistik astrofizika boʻyicha yangi ilmiy maktab yaratgan. U yurtimizda va xorijiy ilmiy maskanlarda fan doktorlari va fan nomzodlari ilmiy darajalariga ega xalqaro miqyosda tan olingan va isteʼdodli yosh olimlarning ulkan jamoasini tarbiyalagan.

Maʼlumot oʻrnida: Islom dunyosi fanlar akademiyasi (IAS) Iordaniyaning Ummon shahrida joylashgan. Akademiya 1986-yilda Islom mamlakatlarining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun fan va texnologiyalarni targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan. IAS akademiyasi, shuningdek, Islom Hamkorlik Tashkilotining (IXT) Ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha doimiy qoʻmitasi hisoblanadi. Uning aʼzosi boʻlish har bir olimning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishini anglatadi.