Shunda bir kuni oʻqituvchim doskaga chiqarib, “Ona deb yoz” deganlar. Tabiiyki, soʻz “O” harfidan boshlashim kerak. Ikkilanib turganimni koʻrib, ustozim, “Nima, sen onangni yomon koʻrasanmi?” deganlar jiddiy. Shu ikki ogʻiz gap yuragimga shu qadar qadalganki, barmoqlarim beixtiyor “Ona” degan soʻzni birdan ravon yozib ketgan. Chunki barcha farzandlar qatori onamni juda yaxshi koʻrardim. Oʻylab qarasam, bugun men uchun “Ona” soʻzi men uchun dunyoda eng chiroyli eshitiladigan va yoziladigan kalomdir. U bilan muqaddas soʻzlar Ona Vatan, ona tabiat, ona tuproq kalomlari oʻta jarangli va salobatli eshitiladi.

Aslida kishida Ona Vatan degan ilk tushuncha bolalik davridan boshlanadi: maktabdagi partalardan, ariqlardagi yalpizlardan, oʻrtoqlaring bilan bahorda osmonga uchirgan varraklardan. Oʻsha qadrdon manzaralar sogʻinchi oʻziga tortaverdi. Shuning uchun odam qayerda boʻlmasin, qanday natijaga erishmasin oʻz ildizidan uzilib ketolmaydi. Tugʻilib oʻsgan joyi, oʻzi bilan ulgʻaygan tuygʻularidan nari borolmaydi.

Ota-ona bagʻrida oʻtgan bolalik, shoʻx-shaʼn kechgan yoshlik, ulkan orzular qilishing, yuqori marralarni koʻzlashing, oila atalmish qoʻrgʻoningdagi farzandlaringni jajji niyatlariga tilakdosh boʻlishingda tinchlik qanchalik katta ahamiyat kasb etishini hamma vaqt ham anglamaydi kishi. Bugungidek notinch zamonda, qaylardadir urush olovlari oʻchmagan paytda ona Vataningdagi osudalikka, xalqning kundalik tashvishlari bilan bandligiga, toʻylar tashvishi bilan yurganiga, bir soʻz bilan aytganda faravonligiga shukrona keltirasan. Ayniqsa, oxirgi yillarda ilm-fan, adabiyotga qaratilayotgan eʼtibor sezilarli darajada ortdi.

Ijodkorlarga qilinayotgan gʻamxoʻrlik koʻpchilikning, hatto xorijliklarning ham havasini keltirdi. Chunonchi, poytaxtimiz markazida adabiyotimiz namoyondalari siymosiga ehtirom sifatida Adiblar xiyobonining barpo etilgani, u yerdagi 24 nafar ustoz ijodkorlarning ijodini chuqur oʻrganish hamda targʻib etish maqsadida yurtimizdagi oliy oʻquv yurtlariga biriktirib qoʻyilganligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolariga imtiyozli kreditlar evaziga uy-joylar berilganligi, yoshlarning kitoblari oʻn minglab nusxalarda bepul chiqarilayotganligi bularning bari adabiyotga berilayotgan eʼtiborning dalilidir.

Yaqinda mamlakatimiz ana shu tinch kunlar kafolatini beradigan katta va masʼuliyatli jarayonni boshidan oʻtkazdi. Oʻzbekiston Respublikasi siyosiy hayotidagi Prezidentlikka saylov xalqimiz hayotidagi jiddiy sinovdir. Yurtning kelajagini, xalqning toʻkinligini taʼminlaydigan bu davr har birimiz uchun oʻta muhim hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasining

Qarori shu yil 29-oktyabrdagi 1154-sonli qaroriga asosan yuqori 80,12 foiz ovoz bilan besh yil muddatga Shavkat Mirziyoyevning Respublikamiz Prezidenti etib saylanganligi fuqarolarimizning xolis tanlovi, adolat tantanasi boʻldi, desak yanglishmaymiz. Respublikamizning barcha hududlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha 14 ta saylov okrugi boʻyicha oʻtkazilgan saylovning adolatli oʻtganligining isboti shundaki, viloyatlarimiz, shaharlarimiz boʻylab tashkil etilgan barcha saylov uchastkalaridagi ishlarning oʻta tartib bilan yoʻlga qoʻyilganligi, odamlarimizning har biri oʻz nomzodini oʻzi koʻrsatganligida koʻrindi. Qishloqda saksondan oshgan buvim bilan gaplashsam: “Men ham ovoz berdim bolam. Shu poshshomizga berdimda. Oʻzi yaxshi olib boryaptiku. Shunga oʻxshab, elu yurtini oʻylaydiganlar koʻpaysin ilohim, bolam” dedilar duoga qoʻl ochib.

Tunov kuni mazkur jarayonlarning tantanali yakuni boʻlmish tadbirga koʻpchilik yurtdoshlarimiz qatori poytaxtimizdagi Xumo arenasiga bordim. Soat 16:00 da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari eʼlon qilindi. Bu fursatni hamma kutganini, intiq boʻlganini oʻsha lahzada zaldagi qarsaklardan, olqishlardan bilsa boʻlardi. Nihoyat, sahnaga Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqib keldi.

Davlatimiz rahbarining yaqin istiqboldagi rejalar, yutuqlar va maqsadli vazifalar haqidagi muhim fikrlarini hamma hayajon bilan tingladi. Bu shunchaki balandparvoz soʻzlar emas, mamlakat taqdiriga daxldor, farovonlik, tinchlik va taraqqiyotimiz bilan bogʻliq aniq va dolzarb mulohazalar edi. Bu ulugʻ yoʻlda har birimiz bir musht boʻlib, Ona Vatan rivoji uchun hissa qoʻshishimiz uchun daʼvat boʻldi. Bu daʼvat esa bizni oʻzbek degan ulugʻ nom ostida birlashtiradi.

Darvoqe, kamina ham amaldagi Prezidentimizga ovoz berdim. Chunki Vatanim taqdirida oʻzimning, oilamning, ayniqsa xalqimning kelajagini yorugʻ boʻlishini istayman!

Nargiza ASADOVA,

jurnalist