Falsafa fanlari doktori, professor Saidmuxtor Saidqosimov ham umri davomida ana shu aqidaga amal qilib, mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridanoq davlatchiligimizning qaror topishida sidqidildan, halol va vijdonli mehnat qilib qator masʼul lavozimlarda ishlab, Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan fidoyi ustozlarimizdan biri.

Saidmuxtor Saidqosimovni xalqimiz, uzoq va yaqin qardoshlarimiz, dunyoning taniqli ziyolilari, siyosiy arboblari ham tom maʼnoda yetuk davlat va jamoat arbobi, mohir diplomat, siyosatshunos, faylasuf olim sifatida yaxshi bilishadi va serqirra faoliyatini yuqori baholashadi.

“Yangi kitob” nashriyotida el-yurt eʼzozidagi muhtaram ustozimiz haqida “Davlat arbobi. Diplomat. Ustoz” deb nomlangan kitob nashr etildi. Ushbu toʻplamda uning jamiyatimiz taraqqiyotiga, maʼnaviyat, ilm va maʼrifat olamiga baxshida boʻlgan serqirra faoliyati haqida zamondoshlar, doʻstlar, hamkasblar va shogirdlarning dil izhorlari oʻrin olgan.

“U nafaqat mohir pedagog, dono rahbar va yirik tashkilotchi, ayni paytda yetuk olim hamdir, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Joʻrayev. – Oʻtgan yillar davomida u oʻnlab shogirdlarning doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga rahbarlik qildi, koʻplab kitoblar, monografiyalar, darsliklar va qoʻllanmalar yaratdi. Ayniqsa, 1996-yilda olimning ilmiy rahbarligi va tahriri ostida nashr qilingan “Amir temur jahon tarixida” nomli boy illyustratsiyali fundamental akademik asarni alohida tilga olish zarur. Bu asar chet davlatlardagi yirik ilmiy markazlarda katta eʼtirof bilan qabul qilinib, ingliz va fransuz tillarda Parijda ham bosib chiqarildi.”

Shuningdek, mazkur kitobda Saidmuxtor Saidqosimovning oʻzbek diplomatiyasi rivojidagi muhim tashabbuslari va ezgu ishlari borasidagi mulohazalarga ham keng oʻrin berilgan. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Eʼtibor Sultonova shunday deydi: “Ayni paytda Saidmuxtor aka tashabbusi bilan universitetimiz negizida respublikadagi rahbar kadrlarni mustaqil davlatning yangi talablari asosida qayta tayyorlash maqsadida Malaka oshirish instituti ham ish boshladi. Bu, albatta, tashkiliy nuqtayi nazardan juda kerakli, foydali loyiha edi. Uni amalga oshirish yuksak masʼuliyat va tinimsiz mehnatni talab etardi. Ustoz shu kabi qator murakkab loyihalarni muvaffaqiyat bilan uddalay olganligi, va pirovard natijada oʻzining diplomatik maktabini yaratganligining biz guvohimiz”.

Kitobni varaqlar ekansiz, ona Vatanimiz taraqqiyotining murakkab va mashaqqatli bosqichlarida fidoyilik bilan xizmat qilgan taniqli davlat arbobining, Oʻzbekiston sharafi uchun kurashgan diplomatning, shogirdlariga el-yurtga munosib farzand boʻlish borasida saboq bergan ustozning ibrat maktabidan bahramand boʻlasiz.

Mazkur toʻplam professor Qodir Joʻrayevning masʼul muharrirligida chop etilgan. Badiiy muharrir – professor Shuhrat Gʻoyibnazarov.

Muxtasar TOJIMAMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri