Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston va Finlyandiya tashqi ishlar vazirliklari, Finlyandiyaning taʼlim va madaniyat vazirligi, taʼlim dasturi, milliy taʼlim agentligi, Finnpartnership dasturi hamda Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi hamkorligida tashkil qilingan tadbirda ikki mamlakatdan yuzdan ortiq turli tashkilot va kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim sohasi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Finlyandiya va Oʻzbekiston kompaniyalari uchun oʻzaro aloqa platformasini yaratish va shu orqali taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar va kompaniyalar uchun mos hamkorlar topish va yangi hamkorlik gʻoyalarini amalga oshirilishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida tashkil qilindi.
Konferensiya kun tartibidan Oʻzbekiston va Finlyandiya mamlakatlari taʼlim tizimi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirish, mazkur jarayonda amalga oshiriladigan loyihalar uchun yaratiladigan imkoniyatlar hamda koʻrsatiladigan xizmatlar, taʼlim sohasida ikki davlat hamkorligi borasida erishilgan natijalar bilan bogʻliq masalalar oʻzaro oʻrin oldi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi:
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan Finlyandiya taʼlim tizimidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va yurtimizda tatbiq etish borasidagi ishlar 2020-yil noyabr oyidan boshlangan boʻlsa, oʻtgan bir yil muddat ichida uzluksiz va tizimli ishlar amalga oshirildi, — dedi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Xususan, Navoiy viloyatidan 8 nafar 9-sinf bitiruvchisining Lappeyenranta shahrida 3 yil davomida oʻqishini fin tomonidan moliyalashtirishga kelishildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti hamkorligidagi qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etildi. Shuningdek, mazkur universitet bilan hamkorlikda Samarqand davlat universiteti qoshida Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu taʼlim dargohi pedagogika taʼlim sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, taʼlim sifatini oshirish, sohaga Finlyandiyaning ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy qilish maqsadida tashkil qilingan.
Bugungi tadbir yuqoridagi ishlarimizning uzviy davomi hamda kelgusida koʻplab yangi hamkorlik loyihalarining asosi boʻlib xizmat qiladi degan umiddamiz. Bu esa hamkorliklar doirasining yanada kengayishi hamda taʼlim xizmati sifatining oshishiga va amaliy natijalarimizning har ikki mamlakat taʼlim rivojiga hissa qoʻshishiga omil boʻladi.
YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taʼlim shuʼbasi rahbari Dipa Shankar hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalarning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, YUNISEF Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Taʼkidlash lozim, mazkur hamkorlik loyihalarida qatnashish uchun mamlakatimizdagi ilmiy tadqiqot markazlari va institutlar, oliy taʼlim muassasalari, oʻquv markazlari, nodavlat maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarining taʼlim sohasiga yoʻnaltirilgan turli biznes loyihalari orasidan 32 ta tashkilot takliflari saralab olindi. Tadbir davomida mazkur tashkilotlar vakillari oʻz loyihalari boʻyicha Finlyandiya vakillariga qisqacha taqdimot oʻtib berishdi.
Oʻz navbatida Finlyandiya tomonidan Oʻzbekiston bilan hamkorlik loyihalarini amalga oshirish istagida boʻlgan 23 ta tashkilot oʻz taqdimoti bilan qatnashdi. Ushbu tashkilotlarning qisqacha taqdimoti Finlyandiya va Oʻzbekiston kompaniyalari uchun aloqa platformasiga joylashtirildi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning 12-oktyabr hamda 9-noyabr kunlari tadbirning keyingi bosqichlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bunda tomonlar guruhlarga boʻlingan holda biznes loyihalari boʻyicha amalga oshiriladigan hamkorlik aloqalari boʻyicha batafsil maʼlumot berish hamda istiqboldagi rejalarni oʻzaro muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻladi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.