14-dekabr kuni joriy yilgi futbol mavsumining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Yuriy Sarkisyan — “Futbolimiz nuroniysi”
Futbolimiz faxriysi, murabbiy sifatida 5 karra Oʻzbekiston chempioni, 9 karra kumush medali sohibi, 2 karra Oʻzbekiston kubogi gʻolibi, Fargʻonaning “Neftchi” jamoasi afsonasi, ayni kunlarda muborak 77 yoshni qarshi olgan Yuriy Sarkisyanga “Futbolimiz nuroniysi” sovrini topshirildi.
“Fidoyilik ramzi”
58-yil davomida Buxoro viloyati bolalar va oʻsmirlar futbolida jonkuyarlik bilan ishlab, minglab yosh futbolchilarni tarbiyalagan, klublar va terma jamoalarga isteʼdodlarni yetishtirib chiqargan faxriy — Ibrohim Sharipovga “Fidoyilik ramzi” sovrini topshirildi.
“Yilning eng yaxshi hakami”
Oʻtgan mavsum davomida bir nechta xalqaro oʻyinlarga tayinlov olgan, xususan, Parijda oʻtgan Olimpiadaning 4 ta uchrashuvida faoliyat olib borgan, OCHL final uchrashuvida ishlagan Ilgiz Tantashev — “Yilning eng yaxshi hakami” sifatida eʼtirof etildi.
“Yilning eng yaxshi ayol hakami”
Bu yil bir nechta xalqaro oʻyinlarda faoliyat olib borgan va Oʻzbekiston kubogi final uchrashuvini yuqori saviyada oʻtkazgan referi Gulshoda Saidqulovaga — “Yilning eng yaxshi ayol hakami” sovrini topshirildi.
Joriy yilda futbolni rivojlantirish va qator nufuzli musobaqalarni oʻtkazishdagi koʻrsatgan koʻmagi va qoʻllab-quvvatlagani uchun hamkor tashkilotlarga “Samarali hamkorlik ramzi” sovrini topshirildi.
Joriy yilda turli terma jamoalarimiz faoliyati va futbol musobaqalarini yoritishda faollik koʻrsatgani uchun bir qator OAV vakillari taqdirlandi.
FIFA Futzal Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishdagi hissasi uchun mezbon shaharlar — Toshkent, Buxoro va Andijon assotsiatsiyalari eʼtirof etildi.
“Bolalar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi”
OʻFA birinchiligi musobaqalari ikki karra gʻolibi, oʻsmirlar terma jamoasiga 8 nafar futbolchi yetkazib bergan Paxtakor akademiyasi murabbiyi Bobur Abdurahmonovga — “Bolalar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi” sovrini topshirildi.
“Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi”
Bir necha yillardan buyon oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalarimiz darvozasini mustahkam himoya qilib kelayotgan, joriy yilda Soʻgʻdiyona jamoasida ham ishonchli oʻyinlar koʻrsatgan yosh posbonimiz Muhammadyusuf Sobirov — “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi”
Joriy mavsumda jamoasi bilan birgalikda Oʻzbekiston chempionati va kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Nodir Eliboyev — “Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi futzalchisi”
Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchisi Husniddin Nishonov — “Yilning eng yaxshi futzalchisi” deb topildi.
“Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi”
Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi yetakchisi Diyora Habibullayeva — “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” deb topildi.
Temur Kapadze – 2024-yilning eng yaxshi murabbiyi
Ilk marotaba Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, jamoasi bilan birgalikda tarixiy natija qayd etgan Oʻzbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze — “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi. U sovrinni MOQ birinchi vitse-prezidenti Otabek Umarov qoʻlidan qabul qilib oldi.
Abbosbek Fayzullayev – 2024-yilning eng yaxshi futbolchisi
Oʻzbekiston milliy jamoasi hamda SSKA klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev ketma-ket ikkinchi marta mamlakatimizning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Marosimga yetib kelgan 21 yoshli futbolchi sovrinni OʻFA prezidenti Abdusalom Azizovning qoʻlidan qabul qilib oldi.
Jurnalistlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma yakuniga koʻra, Fayzullayev sovringa nomzod boʻlgan Abduqodir Husanov va Oʻtkir Yusupovni ortda qoldirdi va ketma-ket ikkinchi yil Oʻzbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Tadbir yakunida OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov 2024-yilda futbolda erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, 2025-yilda ham koʻzlangan maqsadlarga yetish yoʻlida barchaga omad tilab, Oʻzbekiston milliy jamoasining JCH-2026 yoʻllanmasini qoʻlga kiritishini tiladi.