Oʻzbek giloslari Singapur bozorlarida

    Biznes 8 Iyun 2021 1775

    Oʻzbekistonda yetishtirilgan gilosning birinchi joʻnatmasi Singapurga yetkazib berildi.

    Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida joriy yil may oyida Oʻzbekistoning “Uz-Segang” qoʻshma korxonasi va Singapurning “NOROO Holdings Singapore Pte.Ltd” kompaniyasi oʻrtasida 500 ming dollar miqdorda gilosning yangi hosilidan yetkazib berishni koʻzda tutadigan shartnoma imzolangan edi.

    2018-yilda tashkil etilgan “NOROO Holdings Singapore Pte.Ltd” kompaniyasining asosiy faoliyat turi ulgurji eksport-import operatsiyalarini olib borish hisoblanadi.

    Shu tariqa joriy yil 5-iyunda Fargʻona viloyatida yetishtirilgan oʻzbek giloslari birinchi marta Singapur bozoriga eksport qilindi. Oʻzbekiston giloslari 500 gramm PET-paketlarda “Hao Mart Eccellente” savdo tarmoqlariga yetkaziladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Hao Mart Eccellente” savdo tarmoqlari 2016-yilda tashkil etilgan. U “Hao Corporation” korporatsiyasiga qarashli Singapur supermarketlar tarmogʻiga xizmat koʻrsatadi. Juda tez rivojlanayotgan ushbu supermarketlar tarmogʻi oʻzining 45 savdo boʻlimiga ega.