Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari Germaniya Federal bandlik agentligi rahbari hamda Hunarmandchilik palatasi kengashi rahbari bilan uchrashdi.
Unda bir qator kasblar boʻyicha Germaniyada xorijiy ishchi kuchiga talab yuqoriligi, nemis tilini biladigan, tajribali mutaxassislar uchun barcha eshiklar ochiq ekanligi taʼkidlab oʻtildi. Xususan, uchrashuvda elektrik, mexatronika, metallga ishlov berish, hunarmandchilik sohalarida diplom va kamida 5-yillik kasbiy tajribaga ega fuqarolarimizni Oʻzbekistonda nemis tilining B1 darajasigacha bepul oʻqitish loyihasi taklif etildi. Oʻquv kurslarini yakunlab imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar Germaniyaga ishlash uchun joʻnab ketishadi.
Shuningdek, viza, avia chipta va Germaniyadagi integratsiya jarayonlari xarajatlari ish beruvchi tomonidan toʻliq qoplanishi aytib oʻtildi. Ushbu pilot loyiha Germaniya Hunarmandchilik palatasi orqali amalga oshirilib 100 nafar talabgor bilan boshlanadi va uzoq muddatli bandligi taminlanadi.
Oʻz navbatida nemis tilini oʻrganish istagida boʻlgan yosh hunarmandlarga ham bepul oʻquv kurslari tashkil etiladi va Germaniya tomonidan ularga stipendiya toʻlanadi.
Ushbu loyihani tez orada ishga tushirish uchun Germaniya Federal bandlik agentligi va Hunarmandchilik palatasi markaziy kengashidan iborat delegatsiya joriy yilning iyul oyida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.