O‘zbek hunarmandlari mahsulotlari chet ellik sayyohlar hayratini oshirishda davom etmoqda

    Bugun Margʻilon shahriga Birlashgan Arab Amirligining yetakchi turoperatorlik kompaniyasi “Smart System Holidays” delegatsiyasining bir guruh vakillari tashrif buyurdi, – deb xabar berdi Margʻilon shahar hokimligi Axborot xizmati

    Fargʻona viloyati Turizm hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat turizm salohiyatini oʻrganish maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar dastavval shahardagi “Yodgorlik” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

    Jamiyatda ipakdan toʻqilayotgan gilam, adras, atlas va boshqa milliy hunarmandchilik matolarining sifati va dizayni mehmonlar hayratini oshirdi.

    - Oddiy ipakdan yaralayotgan koʻzni quvnatuvchi matolarning tayyorlanish jarayoniga guvoh boʻla turib hunarmandlarning mohirona sanʼati va mehnatiga tasanno aytdim, – deydi delegatsiya aʼzosi Aftab Xalil. – Margʻilonni koʻplab xorijiy davlatlarda hunarmandchilik keng rivojlangan maskan sifatida yaxshi bilishadi. Bugun biz ushbu shaharda chinakam goʻzallik ifodasini oʻz koʻzlarimiz bilan koʻrdik. Koʻhna va navqiron asl hunarmandlar shahriga hali yana koʻp bora kelish niyatidamiz.

    Delegatsiya vakillari tashrif davomida viloyatning diqqatga sazovor joylari, shuningdek, yetakchi turoperatorlik korxonalari faoliyatini ham koʻzdan kechiradilar.