Oʻzbek ijodkorining kitobi ingliz tilida nashr etildi

    Madaniyat 19 Dekabr 2025 204

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shuhrat Orifning yangi sheʼriy kitobi ingliz tilida Hindistonning Dehli shahrida nashrdan chiqdi.

    Shoirning kitobi “The Flying Leaf” (“Uchayotgan yaproq”) nomi ostida “VK Global Publications” nashriyot uyi tomonidan chop etilgan.

    Kitob taqdimoti 2026-yilning yanvar oyida dunyodagi nufuzli kitob koʻrgazmalaridan biri — “New Delhi World Book Fair” doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Shoir sheʼrlarini ingliz tiliga isteʼdodli shoira Munira Norova tarjima qilgan.

    Taʼkidlash lozimki, Shuhrat Orif oʻzbek adabiyotini xorijda faol targʻib qilib kelayotgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Joriy yilning sentyabr oyida shoirning “Mavi erk” kitobi turk tilida Anqarada va oktyabr oyida “44-kuz” kitobi Bishkek shahrida qirgʻiz tilida chop etilgan edi.

    2025-yil ijodkor uchun omadli keldi. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

    Shoirning turkiy xalqlar adabiy aloqalariga qoʻshayotgan hissasi Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti tomonidan TURKSOY medali bilan eʼtirof etildi.

    Shuhrat Orif joriy yilda TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi va Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi.