Unda sohaning  taniqli olimlari,  tadqiqotchilar va  jurnalistlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishni olib borgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov keyingi yillarda  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha, xususan, jurnalistika sohasini rivojlantirish, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

– O‘zbek jurnalistikasi kecha paydo bo‘lgani yo‘q va u  sermazmun, biz g‘ururlansak arziydigan  tarixga ega, – dedi X. Salimov. –  Bu  tarixni  tadqiq etish,  har bir davrning eng yaxshi ijodkorlari haqidagi ma’lumotlarni va ularning asarlarini   kelgusi avlodlarga  yetkazish bizning burchimiz. To‘g‘ri, jurnalistika bo‘yicha ko‘p kitoblar chop etildi, darslik va qo‘llanmalar yaratildi. Bularni e’tirof etgan holda, shu vaqtga qadar “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”  yaratilmaganini ham tan olish lozim.

Yig‘ilishda  taniqli ustoz jurnalistlar va soha olimlari N. Rahmonov, H. Saidov, A. Nurmatov, A. Karimov, N. Toshpo‘latova va boshqalar “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobini nashrga tayyorlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘zbek jurnalistikasining qadimgi davridan ayni paytgacha bo‘lgan davri bo‘yicha guruhlar tuzilib, ularning rahbarlari belgilandi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar  belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobi soha xodimlari,  mutaxassislar, jurnalist kadrlar tayyorlovchi  oliy o‘quv yurtlari va keng  o‘quvchilar  ommasiga  mo‘ljallanadi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

Axborot xizmati