U sanʼat sohasidagi koʻp yillik serqirra ijodiy faoliyati bilan el-yurt nazariga tushgan, respublikamizda taniqli, xalqimiz suygan xonanda edi. Ustoz asl sanʼat durdonalaridan “Chorgoh”, “Talqini Rost”, “Katta suvora”, “Chapandozi suvora”, “Bozirgoniy”, “Qaro koʻzim”, “Nasrulloyi”, “Maxsus”, “Feruz-1”, “Feruz-II”, “Orazibon” kabi koʻplab maqom hamda mumtoz ashulalarni oʻzgacha mehr va ixlos, yuksak mahorat bilan meʼyoriga yetkazib yuqori saviyada ijro qilgan edi.
Rahmatjon Qurbonov ijodiy faoliyati davomida qardosh qoraqalpoq, ozarbayjon, turkman, turk, tojik xalq qoʻshiqlarini ham zoʻr ishtiyoq bilan kuyladi va koʻpchilikning mehrini qozondi.
Ustoz sanʼatkor oʻz ijodi bilan nafaqat sanʼatimiz rivojiga, balki xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash ishiga ham hissa qoʻshdi. Mehnatlari munosib baholanib, davlatimizning “Mehnat shuhrati” ordeni bilan ham taqdirlandi.
R.Qurbonov koʻp yillar Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli rahbari lavozimida mehnat qildi va ushbu ansambl faoliyatini samarali boshqardi. Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Germaniya, Fransiya, Angliya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya kabi oʻnlab xorijiy davlatlarda ijodiy safarlarda boʻlib, oʻzbek xalqi sanʼati, milliy qadriyatlarini jahonga targʻib qilishga musharraf boʻldi.
Xorazm viloyati filarmoniyasi direktori, benazir ustoz, Xorazm sanʼati ustunlaridan biri Rahmatjon Qurbonovning vafoti munosabati bilan marhumning oila aʼzolariga hamda yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz!
Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri