Yurtimiz mebel korxonalari ishlab chiqargan mahsulotlar joriy yilning 3—8-avgust kunlari Istanbulda oʻtadigan “IMOB” 17-xalqaro mebelsozlik koʻrgazmasida namoyish etiladi. Bu haqida Oʻzbekiston Iqtisodiyot assambleyasi axborot xizmati xabar berdi.
— Oʻzbekiston tarixida ilk bor mahalliy mebel sanoati vakillarimiz ushbu koʻrgazmada rasman oʻz mahsulotlari bilan qatnashyabdi, — dedi Oʻzbekiston Iqtisodiyot assambleyasi va Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov. — 312 kv metrli maydonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida milliy dizayndagi pavilionimiz ham tayyor xolatda. Koʻrgazma start olgach, milliy stendimiz ostida 20 ta mebel sohasi vakillarimiz oʻz ishlarini boshlaydi. Koʻrgazma orqali ularda Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlari bozoriga chiqish, dunyodagi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda tajriba almashish imkoniyatlari paydo boʻladi.
Oʻzbek mebelchilaridan tashkil topgan delegatsiyasi kun tartibidan iqtisodiy sanoat hududlariga tashrif, yirik investitsion kompaniyalar bilan uchrashuvlar, Turk ekzim bank bilan rasmiy muzokaralar va boshqa hamkorlik uchrashuvlari oʻrin olgan. Uning natijasida, Oʻzbek mebelsozligi milliy brendi dunyoga tanilishi va davlatizning mebelsozlik maxsulotlari eksporti xajmining oshishi kutilmoqda. Koʻrgazmaning barcha xarajatlari Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berildi.
Maʼlumot uchun, “IMOB” Istanbul — mebel sanoati boʻyicha jahondagi eng yirik koʻrgazmalardan biri boʻlib, u yerga dunyoning 100 dan ortiq davlatlaridan 30 mingga yaqin soha vakillari tashrif buyuradi. Koʻrgazmada kelgusi 1 yillik mebel sanoati yangiliklari va dizaynlari namoyish etilib, ushbu platforma soha mutaxassilariga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro tahlil va tavsiyalar beruvchi maydon boʻlib xizmat qiladi.