Qaror bilan Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati institutiga (Institut) Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidan oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) roʻyxati tasdiqlandi.

Institut maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Institutda oʻquv jarayoni 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi.

Shunga koʻra, 2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishga qabul qilingan, shuningdek, ushbu yoʻnalishlarda tahsil olayotgan talabalar oʻqishlarini Institutda davom ettiradi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Institutda maxsus sirtqi taʼlim tashkil etiladi hamda unga madaniyat va sanʼat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga va taʼlim yoʻnalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida 3 yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yoʻnalishlari uchun pedagogik stajga) ega boʻlgan, Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlari (kirish imtihonlari va kasbiy suhbat)dan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar qabul qilinadi.

2021-yildan boshlab respublikadagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va sanʼat kollejlariga Institutning yetakchi professor-oʻqituvchilarni biriktirish orqali “mahorat maktablari” yoʻlga qoʻyiladi.