“Dunyo” AAning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov Yaponiyaning “Daito Trust Construction” korporatsiyasi prezidenti Kei Takeuchi bilan uchrashuv oʻtkazgan.
Unda mamlakatga xorijiy investitsiyalar, yuqori texnologiyalarni jalb qilish, chet el kompaniyalari bilan taʼlim va migratsiya sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Qurilish-arxitektura va muhandislik sohalarida mamlakatda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularning yapon korporatsiyasida malakasini oshirish, stajirovkalar tashkil etish va ishga joylashtirish xususida fikr almashilgan.
Korporatsiya prezidenti Kei Takeuchi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilish ishlarida yapon texnologiyalarini tatbiq qilish, seysmik xavfsizlik va zilzilalarga bardoshli yapon qurilish standartlarini joriy etishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv yakunida “Daito Trust Construction” korporatsiyasi rahbariyatining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish hamda 2024-yildan boshlab bosqichma-bosqich oʻzbekistonlik 100 nafarga yaqin yuqori malakali muhandis kadrlarni Yaponiyada malakasini oshirish va ishga qabul qilish toʻgʻrisida kelishib olingan.