Tadbirda Buyuk Britaniya qirollik oilasi, oliy harbiy-siyosiy doira vakillari, diplomatlar, shuningdek, boshqa mamlakatlardan mehmonlar ishtirok etdi. Marosimda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan kelgan 700 dan ortiq kishi, shu jumladan, kursantlar qatnashdi.
Bayram Britaniya harbiy sanʼatining asriy anʼanalariga muvofiq oʻtkazilgan Akademiya kadetlarining ulugʻvor paradi bilan boshlandi.
Paraddan soʻng marosim ishtirokchilari akademiyaning tarixiy zalida afsonaviy Sandxerst muhitida boʻlib oʻtgan tantanali qabulga taklif qilindi.
Qirollik akademiyasi rahbariyati taʼlim jarayonida yuqori intizom, aʼlo darajadagi akademik tayyorgarlik va yetakchilik fazilatlarini namoyish etgan oʻzbekistonlik ofitserlarning ajoyib natijalarini alohida eʼtirof etdi. Bu yutuqlar oʻzbek harbiy xizmatchilarining professionalligi va xalqaro tayyorgarlik standartlariga sodiqligining yorqin namunasidir, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Sandxerst Qirollik harbiy akademiyasi dunyodagi eng qadimgi harbiy taʼlim muassasasidir. Akademiyaning rasmiy taʼsis etilishi 1947-yilga toʻgʻri kelsada, uning kelib chiqishi XVIII asrga borib taqaladi. Asrlar davomida Sandxerst nafaqat Buyuk Britaniyaning, balki boshqa mamlakatlarning ham mashhur yetakchilarini tayyorlab, zobitlar elitasini shakllantirdi. Uning bitiruvchilari orasida Uinston Cherchill, Qatar amiri Hamad bin Xalifa Ol Soniy, Bahrayn podshohi Hamad ibn Iso Al Xalifa, Bruney sultoni Hassanal Bolkiyax, Dubay valiahd shahzodasi Hamdan ibn Muhammad Al Maktum, shuningdek, ingliz qirolining nevaralari shahzodalar Uilyam va Garri kabi mashhur shaxslar bor.