Maʼlumot uchun: 2021-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 953,5 million dollardan, 2022-yilning birinchi yarmida esa 590 million dollardan oshdi (oʻsish oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 39% tashkil qildi).

Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar batafsil koʻrib chiqildi. Xususan, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda qirgʻiz kapitali asosida 289ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Shundan 129 tasi — qoʻshma va 160 tasi yuz foiz xorijiy kapitalga ega korxonadir. Energetika, yengil sanoat, farmatsevtika, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi, yengil avtomobillar va bazalt tolasi ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirishga tayyorlik bildirildi.

2022-2025-yillarda ikki mamlakat oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan hamkorlikning boshqa ustuvor yoʻnalishlari ham muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarning hayotga joriy etilishini qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.