Oʻzbek qorakoʻl mahsulotlariga Rossiyada talab ortyapti

    Biznes 31 May 2022 1656

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati Rossiya Moʻynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov hamda “Myagkoye zoloto” moʻyna va charm assotsiatsiyasi vakillaridan iborat Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot avvalida rossiyalik mehmonlar poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi yuqori saviyada va muvaffaqiyatli tashkil etilganligi, xalqaro hamkorlik aloqalarni yoʻlga qoʻyishda samarali platforma vazifasini oʻtaganligini bilan Uyushma rahbariyatini tabrikladi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida moʻynachilik sohasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama etildi. Qayd etish kerakki, bugungi kunda Oʻzbekiston qorakoʻl mahsulotlarini yetishtirishda dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Sifat va narxning uygʻunligi esa uning jahon bozoridagi qiymatini yanada oshiryapti. Rossiya moʻynachilik kengashi prezidenti Sergey Stolbov bugungi kunda Rossiya bozorida oʻzbek qorakoʻl mahsulotlariga talab ortib borayotganini taʼkidladi. Shu bois ayni yoʻnalishdagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda savdo-sotiq masalalarini soddalashtirish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish yuzasidan oʻz tashabbusini bildirdi.

    Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda moʻyna va jun mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning xalqaro elektron bazasi shakllantirilayotgani qayd etildi. Bu esa oʻzbekistonlik tadbirkorlar uchun ham keng imkoniyatlarni ochishi maʼlum qilindi. Poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “UzCharmExpo-2022” 12-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi doirasida rossiyalik tadbirkorlar qorakoʻl mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi koʻplab mahalliy tadbirkorlarimiz bilan muzokaralar oʻtkazib, manfaatli kelishuvlarga erishdi.

    Muloqot chogʻida “Myagkoye zoloto” moʻyna va charm assotsiatsiyasi vakillari bilan Rossiyaning Pyatigorsk shahrida boʻlib oʻtadigan “Myagkoye zoloto” xalqaro koʻrgazmasida oʻzbekistonlik tadbirkorlarning ishtirokini taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Shuni oʻz oʻrnida taʼkidlab oʻtish mumkinki, Pyatigorsk Rossiyaning moʻynachilik sanoati poytaxti sanaladi. Bu koʻrgazmada ishtirok etish mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizga yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlarni ochadi.

    Muloqot yakunida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda “Myagkoye zoloto” moʻyna va charm assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.