O‘zbek qorako‘l va jun mahsulotlari Janubiy Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etilmoqda

    Janubiy Koreyaning Seul shahrida «International Fur and Leather Expo-2023» ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

    Unda “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo mo‘yna va jun mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zlarining mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

    Trillion dollarlik bozorga ega Janubiy Koreya mezbonlik qilayotgan mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonning qorako‘l va mo‘yna mahsulotlari xalqaro bozor va hamkorlarga taqdim etilmoqda. Yangi kolleksiyalar jahon mo‘yna ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

    Ko‘rgazmaning dastlabki kunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda Xalqaro mo‘yna federatsiyasining (IFF) prezidenti Jonnes Manakas o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muloqotda O‘zbek qorako‘l va mo‘yna mahsulotlarini xalqaro auksionlarga olib chiqish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, IFF rahbari tomonidan qorako‘l mahsulotlarini nafaqat MDH balki Yevropa bozorlariga olib chiqish bo‘yicha takliflar bildirildi.

    “GSP+” preferensiyalar tizimidan foydalangan holda Yevropa bozorlarida qorako‘l va jundan tayyorlangan tayyor mahsulotlar auksionlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Turkiyaning “Emelda” komaniyasi esa O‘zbekistondan qorako‘l mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Milliy brendimiz «Asian Furs» kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda turk kompaniyasi qorako‘l mahsulotlarini Turkiya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

    Muloqot chog‘ida qorako‘l mahsulotlarini sifati yuqori ekanligi, bugun bu turdagi tabiiy mahsulotlarga xalqaro mo‘yna bozorida talab ortib borayotgani takidlandi. Aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «UzCharmExpo – ShoesStar – EURASIA 2023» xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston va Turk kompaniyasi o‘rtasida eksport shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

    Seulda davom etayotgan ko‘rgazma davomida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz Kanada, Janubiy Koreya AQSh kompaniyalari bilan qator muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.