Oʻzbek qorakoʻl va jun mahsulotlari xalqaro auksionlarda

    Biznes 27 Mart 2023 994

    Janubiy Koreyaning Seul shahrida “International Fur and Leather Expo-2023” koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

    Unda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo moʻyna va jun mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar, qorakoʻl va moʻyna mahsulotlari bilan ishtirok etyapti.

    Trillion dollarlik bozorga ega Janubiy Koreya mezbonlik qilayotgan mazkur koʻrgazmada ilk bor Oʻzbek qorakoʻl va moʻyna mahsulotlari xalqaro bozor va hamkorlarga taqdim etilyapti. Yangi kolleksiyalar jahon moʻyna ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uygʻotyapti.

    Koʻrgazmaning dastlabki kunida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda xalqaro moʻyna federatsiyasining (IFF) prezidenti Jonnes Manakas oʻrtasida muzokara boʻlib oʻtdi. Muloqotda Oʻzbek qorakoʻl va moʻyna mahsulotlarini xalqaro auksionlarga olib chiqish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, IFF rahbari tomonidan qorakoʻl mahsulotlarini nafaqat MDH balki Yevropa bozorlariga olib chiqish boʻyicha takliflar bildirildi. GSP+ preferensiyalar tizimidan foydalangan xolda Yevropa bozorlarida qorakoʻl va jundan tayyorlangan tayyor mahsulotlar auksionlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Turkiyaning “Emelda” kompaniyasi esa Oʻzbekistondan qorakoʻl mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtiryapti. Milliy brendimiz “Asian Furs” kompaniyasi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda turk kompaniyasi qorakoʻl mahsulotlarini Turkiya bozoriga yetkazib berish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.

    Muloqotda qorakoʻl mahsulotlarini sifati yuqori ekanligi, bugun bu turdagi tabiiy mahsulotlarga xalqaro moʻyna bozorida talab ortib borayotgani taʼkidlandi. Aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo – ShoesStar – EURASIA2023” xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekiston va Turk kompaniyasi oʻrtasida eksport shartnomalari imzolanishi kutilyapti.

    Koʻrgazma davomida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizning Kanada, Koreya, AQSH kompaniyalari bilan qator muzokaralar oʻtkazishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.