To‘rt yil ichida ikki bor olimpiada chempioni bo‘lish va yana bir musobaqada bronza medalni qo‘lga kiritish mamlakat shaxmatidagi so‘nggi o‘zgarishlarni kengroq o‘rganish uchun jiddiy asos beradi. Bu natijalar ortida qanday tayyorgarlik tizimi, shaxmatchilar o‘rtasidagi qanday raqobat muhiti va jamoaviy ishlash tajribasi turgani haqidagi savollar tabiiy ravishda tug‘iladi.

Ayni paytda O‘zbekiston shaxmatining bugungi taraqqiyotini uning tarixidan ajratib o‘rganib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz hududida shaxmatning tarqalishi, turli tarixiy davrlardagi mavqei va bu o‘yinga munosabat haqidagi ma’lumotlar qadimiy arxeologik topilmalar hamda yozma manbalarda saqlanib qolgan.

Surxondaryo va Samarqanddan qariyb ikki ming yillik tarixga ega shaxmat tosh¬lari topilgan. Xususan, 1972-yilda Dalvarzintepadagi arxeologik qazilmalar vaqtida Kushon davri, ya’ni I-II asrlarga oid shaxmat donalari, 1977-yilda Afrosiyobda o‘tkazilgan tadqiqotlar chog‘ida esa VII-VIII asrlarga taalluqli 7 ta shaxmat donasi topilgan.

Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarida shaxmat, ya’ni shatranjga oid qimmatli ma’lumotlar bor.

Samarqandda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib chiqqan Ali Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) shatranj haqida kitob yozib, XIV asrgacha O‘rta Osiyoda yashagan bir qancha oliyalar, ya’ni grossmeysterlar haqida muhim ma’lumotlar bitib qoldirgan. U Sohibqironning o‘zi bilan shatranj o‘ynab turgan.

Nihoyatda o‘tkir xotira va teran aql-¬idrok sohibi bo‘lgan Amir Temur shaxmat o‘yinida ham yuksak mahoratga erishgan. Ulug‘ Sohibqiron bobomiz shaxmatni shunchaki vaqtni dilxushlik bilan o‘tkazish va hordiq chiqarish o‘yini emas, balki puxta geosiyosiy hamda amaliy rejalar tuzish uchun aqlni charxlash mashg‘uloti deb bilgan.

Asrlar davomida shakllangan ushbu aqliy musobaqa zamonaviy shaxmatda yanada murakkablashdi. Debyut nazariyasi rivoji, superkompyuter tahlili va raqib partiyalarini chuqur o‘rganish imkoniyatlari professional shaxmatchilarning tayyorgarlik usullarini tubdan o‘zgartirdi. Shunga qaramay, musobaqa davomida yuzaga keladigan barcha vaziyatlarni oldindan hisoblab chiqishning imkoni yo‘q. Vaqt tanqisligida qaror qabul qilish, kutilmagan yurishlarga javob topish, o‘z xatosi oqibatlarini kamaytirish va raqibning psixologik bosimiga bardosh berish ham yuqori darajadagi mahoratni talab etadi. Bu talablar shaxmatchi yakka tartibda ishtirok etadigan musobaqalarda, avvalo, uning shaxsiy natijasi bilan bog‘liq bo‘lsa, jamoaviy bahslarda har bir qarorning ahamiyati ancha kengayadi.

Besh shaxmatchining har biri o‘ziga xos fikrlash tarzi, tajribasi, fe’l-atvori va tavakkal qilish chegarasiga ega. Ular bir xil vaziyatda turlicha qaror chiqarishi, bir xil xavfni turlicha qabul qilishi mumkin. Shunga qaramay, jamoaviy musobaqada ularning har biri o‘z imkoniyatlarini umumiy maqsad bilan muvofiqlashtirishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zan bir shaxmatchining murakkab vaziyatda durangni saqlab qolishi sherigining tavakkal qilib g‘alabaga intilishiga imkon yaratadi. Boshqa bir vaziyatda esa jamoadoshining mag‘lubiyati qolganlar zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Shu ma’noda, shaxmat olimpiadasi individual aql va jamoaviy iroda o‘rtasidagi murakkab munosabatni namoyon etadi.

Bunday musobaqada g‘alaba qozonish uchun har bir shaxmatchining kuchli bo‘lishi kifoya qilmaydi. Jamoa o‘z a’zolari imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashi, muvaffaqiyatsizlikdan keyin ham umumiy maqsadga sodiq qolishi zarur. Eng muhimi, har bir shaxmatchi o‘z partiyasining ahamiyatini jamoadoshlari olib borayotgan kurash bilan bog‘liq holda anglaydi.

O‘zbekiston terma jamoasining Samarqand olimpiadasidagi ishtirokiga ham shu jihatdan qarash o‘rinli. O‘z maydonida, muxlislar e’tibori ostida kechgan musobaqada shaxmatchilar oldida har bir turda munosib natija qayd etish bilan birga umumiy hisobda yetakchilik uchun kurashish vazifasi turgan edi. O‘n bir turlik bahslar yakunida erishilgan natija esa jamoaning musobaqa davomidagi tayyorgarligi, tanlagan strategiyasi va har bir shaxmatchining umumiy hisobga qo‘shgan hissasini bir butun holda tahlil qilish imkonini berdi.

Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘z nihoyasiga yetdi. Yopilish marosimida O‘zbekiston-1 erkaklar milliy jamoasiga oltin medallar hamda turnir g‘oliblariga beriladigan bosh sovrin — Gamilton kubogi tantanali tarzda topshirildi.

Mukofotlarni topshirish uchun sahnaga FIDЕ prezidenti Timur Turlov, shuningdek, Vishvanatan Anand hamda Ozarbayjon shaxmat federatsiyasi rahbari Mahir Mamedov ko‘tarildi. Chempion jamoa tarkibidan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov o‘rin oldi. Terma jamoa kapitani — Rustam Qosimjonov.

O‘zbekiston so‘nggi tur nihoyasiga yetmasidanoq chempionlikni naqd qilib qo‘ydi. Jamoa Ukrainani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi, bosh ta’qibchi Hindiston esa Vengriya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Marosim 27-sentabr kuni Silk Road Samarkand majmuasidagi “Boqiy shahar” amfiteatrida bo‘lib o‘tdi va mushakbozlik hamda dronlar shousi bilan yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov birinchi doskada oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 11 partiyada 8,5 ochko to‘plab, birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Uning performansi 2869 ballni tashkil etib, o‘z doskasida eng yaxshi natija bo‘ldi.

Javohir Sindorov ikkinchi doskada bronza medalga sazovor bo‘ldi. U 10 partiya¬da 7 ochko jamg‘arib, 2797 performans qayd etdi. Bu doskada oltin medal xitoylik Vey Iga, kumush esa niderlandiyalik Yorden van Forestga nasib etdi.

Nodirbek Yoqubboyev uchinchi doskada kumush medal sovrindori bo‘ldi. U 10 ta o‘yinda 7,5 ochko olib, 2774 performans ko‘rsatdi. Bu doskada germaniyalik Frederik Svane g‘olib chiqdi, bronza esa armanistonlik Shant Sargsyanga nasib etdi.

O‘rtacha 2532 reyting bilan 30-raqam ostida boshlagan O‘zbekiston ikkinchi milliy jamoasi Olimpiadani 15 ochko bilan 18-o‘rinda yakunladi. O‘zbekiston-3 jamoasi esa 2424 reyting bilan 55-raqamda start olib, 13 ochko bilan 60-o‘rinni egalladi.

Ayollar bahsida O‘zbekiston asosiy milliy jamoasi 2345 reyting bilan 13-o‘rindan start olib, turnirni 15 ochko bilan aynan 13-o‘rinda yakunladi.

O‘zbekiston-2 jamoasi 2143 reyting bilan 43-o‘rinda boshlab, 14 ochko to‘plagan holda 35-o‘ringa ko‘tarildi. Uchinchi jamoa esa 2021 reyting bilan 65-o‘rinda start olib, 13 ochko bilan 47-pog‘onadan joy oldi.

Marosim avvalida, shuningdek, beshta reyting toifasi (A dan Ye gacha) bo‘yicha eng yaxshi jamoalarga ham mukofotlar topshirildi. O‘zbekiston ayollar ikkinchi milliy jamoasi “B” toifada uchinchi o‘rinni egalladi.

Jamoalarning yakuniy natijalari bilan birga, shaxsiy ko‘rsatkichlar ham alohida e’tiborga molik. Shu jihatdan O‘zbekiston asosiy milliy jamoasi a’zolarining alohida natijalarini ko‘rib chiqish ularning umumiy muvaffaqiyatga qo‘shgan hissasini aniqroq baholash imkonini beradi.

Javohir Sindorov (reytingi 2778) milliy jamoalarning ikkinchi juftligi bahsida ukrainalik eng mashhur shaxmatchilardan biri — 57 yoshli Vasiliy Ivanchuk (2630) bilan kuch sinashdi. Bahs durang bilan yakunlandi. So‘nggi tur juftliklari aynan shu tartibda shakllantirilgan edi. O‘z uyidagi Olimpiada yakunlariga ko‘ra, Sindarov 10 ta partiyada 7 ochko jamg‘ardi — beshta g‘alaba, to‘rtta durang va bir mag‘lubiyat. Grossmeyster birinchi turni o‘tkazib yubordi. Turnirdagi yagona mag‘lubiyatini u to‘qqizinchi turda AQShga qarshi uchrashuvda Uesli Sodan qabul qilib oldi.

Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov (2762) Igor Kovalenko (2642) bilan durang o‘ynadi. Abdusattorov jami 11 ta partiyaning barchasida ishtirok etdi va biror marta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Uning hisobida 8,5 ochko bor — 6 ta g‘alaba va 5 ta durang. So‘nggi turga qadar u, jumladan, sobiq jahon chempioni Din Lijen va Amerikaning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Fabiano Karuanani yengishga muvaffaq bo‘ldi. Uning Karuana ustidan qozongan g‘alabasi to‘qqizinchi turda O‘zbekistonning AQShni mag‘lub etishiga zamin yaratdi.

Uchinchi doskada Nodirbek Yoqubboyev (2685) Igor Samunenkov (2608) bilan durang o‘ynadi. U Olimpiadani 10 ta partiyada 7,5 ochko bilan yakunladi — oltita g‘alaba, uchta durang va bir mag‘lubiyat. Yoqubboyevning Hindiston bilan o‘yinda Nihal Sarin, Xitoy bilan bahsda Yuy Yan’i hamda AQShga qarshi uchrashuvda Xans Nimann ustidan qozongan g‘alabalari, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etdi. Hindistonga qarshi bellashuvda aynan uning g‘alabasi yagona natijaviy partiya bo‘ldi va O‘zbekistonga 2,5:1,5 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.

To‘rtinchi doskada Muhiddin Madaminov (2611) Roman Dextyaryovni (2508) mag‘lub etdi. Bu Madaminov uchun Olimpiadadagi yettinchi partiya bo‘ldi. U musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunlab, 5,5 ochko jamg‘ardi — to‘rtta g‘alaba va uchta durang.

So‘nggi turda bahsga kirishmagan Shamsiddin Vohidov (2654) oltita partiyada 4 ochko to‘pladi: uch marta g‘alaba qozondi, ikki marta durang o‘ynadi va bir bor mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa O‘zbekiston asosiy terma jamoasining besh shaxmatchisi butun Olimpiada davomida doskalarda jami 33 ochko jamg‘ardi.

Jamoa turnirdagi yagona mag‘lubiyatni sakkizinchi turda Germaniyadan qabul qilib oldi — 1,5:2,5. Biroq ertasi kuniyoq O‘zbekiston AQShni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi, so‘ngra ungacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Armanistonni 3,5:0,5 hisobida yutdi. So‘nggi tur oldidan O‘zbekiston 18 ochko bilan yakka peshqadam edi va Hindistondan bir ochko oldinda borayotgandi. Hindiston — Vengriya uchrashuvi natijasidan qat’i nazar (bu bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi), terma jamoaga oltin medalni naqd qilish uchun Ukraina ustidan g‘alaba qozonishning o‘zi kifoya edi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Javohir Sindorov Samarqanddagi shaxmat olimpiadasining hal qiluvchi turidan so‘ng o‘yin, jamoaning chempionligi va kelgusi maqsadlari haqida fikr bildirdi. Sindorov so‘nggi turda Ukraina vakili Vasiliy Ivanchuk bilan durang o‘ynadi. Uning aytishicha, partiya murakkab kechgan, biroq jamoaviy vaziyatni hisobga olib, durang natijasi O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan.

— Durang qilsam, jamoaviy g‘alabamiz deyarli aniq edi, — deydi Javohir Sindorov. — O‘yin juda ham murakkab kechdi. Qayerdadir sal noto‘g‘ri yurish qilib qo‘ydim, vaziyatim bir oz og‘irroq edi. Shunga qaramay, chiroyli himoyalanib, durangga olib bordim. Men o‘zimga bunday maqsad qo‘ygandim: durang qilsam, jamoaviy tarzda yutishimiz 99 foiz aniq edi. Bu amalga oshdi va bundan juda ham mamnunman. Ikkinchi marta olimpiadani yutishimizdan xursandman. Yurtimizda yutish baribir boshqacha. Biz bu musobaqani, haqiqatan, yuqori darajada o‘ynadik. Ko‘plab kuchli raqiblarga qarshi murakkab bahslarda g‘alaba qozondik. Endigi maqsad — jahon toji sari harakat qilish. Juda og‘ir turnir kechdi. Men sal charchab kelgan edim, ammo turnir davomida maksimal darajada formamga kirib, jamoam uchun borimni berishga harakat qildim. O‘ylaymanki, buni uddaladim. Nazarimda, jamoamiz dunyo¬dagi eng ahil va eng kuchli jamoa. So‘nggi yillardagi eng katta musobaqalarda O‘zbekiston shaxmatchilari g‘alaba qozonib kelmoqda. Bu ko‘p narsaning isboti. Bundan ham ko‘proq g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Javohir Sindorovning bu fikrlarida e’tiborga molik bir jihat bor. U o‘z partiyasidagi natijani boshidanoq jamoaning umumiy hisob-kitobi bilan bog‘lagan. Shaxmatchining shaxsiy imkoniyati, turnirdagi o‘rni va g‘alabaga intilishi hisobga olinsa, bunday qarorning ahamiyati yanada oydinlashadi. Ayniqsa, hal qiluvchi bahslarda o‘z o‘yinini jamoadoshlarining partiyalaridagi vaziyatga qarab boshqarish, zarur paytda tavakkaldan voz kechish ham katta tajriba talab etadi. Sindorovning so‘zlari O‘zbekiston terma jamoasi ushbu olimpiadada qanday tamoyilga tayanganini tushunishga yordam beradi. Shaxmatchilarning har biri o‘z taxtasida mustaqil qaror qabul qilgan bo‘lsa-da, bu qarorlarning ahamiyati yakuniy jamoaviy natija bilan belgilangan.

Sindorovning fikrlaridagi yana bir muhim jihat — uning navbatdagi maqsad sifatida jahon chempionligini tilga olgani.

Endi asosiy e’tibor Shveysariyaning Jeneva shahriga qaratiladi. Xalqaro shaxmat federatsiyasi tasdiqlagan so‘nggi taqvimga ko‘ra, Sindorov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi bahs 22-noyabrdan 12 dekabrga qadar Koloni kommunasidagi Martin Bodmer jamg‘armasida o‘tkaziladi. Birinchi partiya 24 noyabrga belgilangan. Bu uchrashuv shaxmat tarixidagi eng yosh jahon chempionligi bahsi bo‘ladi: har ikki grossmeyster musobaqa boshlanganda 20 yoshda bo‘ladi. Hindistonlik Gukesh 2024-yilda Singapurda xitoylik Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida yengib, 18 yoshida jahon chempioniga aylangan edi. Jenevada u ilk bor unvonini himoya qiladi.

Reglamentga muvofiq, jahon toji uchun bahs ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi. Agar asosiy partiyalar 7:7 hisobida yakunlansa, g‘olib qo‘shimcha tay-breyk bahslarida aniqlanadi. Bunday tartibda raqiblar bir-birining debyut tayyorgarligi, o‘yin uslubi va qaror qabul qilish xususiyatlarini chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bitta partiyada qo‘lga kiritilgan ustunlik yoki yo‘l qo‘yilgan xato keyingi uchrashuvlarda tanlanadigan strategiyaga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli uch haftaga yaqin davom etadigan mazkur bellashuvda nazariy tayyorgarlik bilan birga jismoniy chidamlilik, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va ruhiy barqarorlik ham alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston shaxmati uchun Jenevadagi uchrashuvning tarixiy ahamiyati ham shunda. Mamlakat terma jamoasi olimpiadada chempionlikka erishgan, alohida shaxmatchilarimiz esa nufuzli xalqaro turnirlarda o‘z salohiyatini namoyish etgan. Endi o‘zbekistonlik grossmeyster ilk bor mutlaq jahon chempioni unvoni uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri bahslashadi. Samarqanddagi g‘alaba Sindorovga ushbu uchrashuv arafasida qo‘shimcha ishonch berdi. Jahon toji uchun kurash esa uning shu paytgacha to‘plagan tajribasi va tayyorgarligini boshqa talablar asosida sinovdan o‘tkazadi. Bu sinov O‘zbekiston shaxmatining kelajakdagi imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarni yanada kengaytiradi. Kecha katta muvaffaqiyat sanalgan natijalar bugun yangi maqsadlarni belgilash uchun asos bo‘lib xizmat qilyapti. Samarqandda qo‘lga kiritilgan jamoaviy g‘alabaning mantiqiy davomi jahon shaxmatining eng yuksak unvoni uchun kechadigan bahs bilan bog‘lanyapti.

Shu tariqa kechagi g‘alaba bugungi mas’uliyatga, bugungi muvaffaqiyat esa ertangi avlodning imkoniyatiga aylanadi. Milliy shaxmat maktabining haqiqiy qudrati ham ana shu davomiylikda — har bir avlod o‘zidan avvalgilar to‘xtagan nuqtadan yanada uzoqroqqa borishga intilishida namoyon bo‘ladi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri