Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yoʻli bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tugʻuruqdan 9 soat oʻtib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda oʻta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.
Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.
Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu chaqaloqlar holidan xabar oldi.
— Bunday oʻta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi, — dedi vazir. — Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan soʻng bajariladi. Chunki bu — oʻta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tugʻilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga koʻtarilganining yorqin dalilidir.
Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir A.Xudayarov tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Salomatligi yaxshilangan jajji bemorlar va ularning onasiga bugun shifoxonadan uyiga javob berildi.
SSV Matbuot xizmati tomonidan shu haqda tayyorlangan batafsil material va videolavha bilan yaqin vaqtlarda tanishasiz.









